O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

938 nafar sanʼatkorning 424,9 mln so‘m soliq qarzi bor

UzDaily tahririyati · 25.06.2026 · 18:00 · 43 views
938 nafar sanʼatkorning 424,9 mln so‘m soliq qarzi bor

938 nafar sanʼatkorning 424,9 mln so‘m soliq qarzi bor

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati sohasida xizmat ko‘rsatayotgan mahalliy shou-biznes vakillarining daromadlarini deklaratsiyalash kompaniyasi davom etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi maʼlum qildi.

Soliq organlari maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilning 23 iyun holatiga qadar amaldagi litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan 1 680 nafar qo‘shiqchi va ijrochi 2025 yil uchun jami yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiya taqdim etgan.

Taqdim etilgan hujjatlar tahlili natijalariga ko‘ra, sanʼatkorlarning umumiy yillik daromadi 9 milliard 33 million so‘mni tashkil etgan. Shundan 7 milliard 727,1 million so‘m sof soliqqa tortiladigan daromad sifatida qayd etilgan bo‘lsa, jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha hisoblangan umumiy soliq summasi 879,6 million so‘mni tashkil qilgan.

Reyting guruhlari kesimida birinchi, eng yuqori toifaga kiruvchi 48 nafar sanʼatkorning umumiy daromadi 1 milliard 527,8 million so‘mni tashkil etgan bo‘lib, ular uchun 144,6 million so‘m soliq hisoblangan. Ikkinchi guruhdagi 125 nafar ijrochi 1 milliard 134,7 million so‘m daromadni deklaratsiya qilgan va ular uchun 105,9 million so‘m soliq hisoblangan. Eng yirik uchinchi reyting guruhiga kiruvchi 1 507 nafar ijrochining umumiy daromadi esa 6 milliard 370,6 million so‘mga yetgan. Ushbu guruh bo‘yicha hisoblangan soliq miqdori 629,1 million so‘mni tashkil etgan.

Shunga qaramay, soliq idoralari ijod sohasi vakillarining katta qismida ijro intizomi pastligini qayd etmoqda.

Ayni paytda deklaratsiya topshirgan soliq to‘lovchilarning 938 nafarida soliq qarzdorligi mavjud bo‘lib, uning umumiy hajmi 424,9 million so‘mga yetgan.

Jumladan, birinchi reyting guruhida 24 nafar qarzdorning umumiy qarzi 49,8 million so‘mni tashkil etmoqda. Ikkinchi guruhda 61 nafar ijrochining qarzi 32,9 million so‘mga teng. Uchinchi guruhda esa 853 nafar sanʼatkor byudjetga o‘z vaqtida to‘lov amalga oshirmagan bo‘lib, ularning umumiy qarzdorligi 342,2 million so‘mni tashkil qilgan.

Soliq qo‘mitasi qonunchilikka muvofiq mazkur hisobot davri uchun soliq to‘lashning oxirgi muddati 2026 yil 1 iyun kuni yakunlanganini eslatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 398-moddasiga muvofiq, deklaratsiya taqdim etish majburiyatini bajarmagan yoki unda noto‘g‘ri maʼlumot ko‘rsatgan shaxslarga nisbatan majburiy undirish mexanizmi qo‘llaniladi.

Soliq organlari o‘zlarida mavjud idoralararo tahliliy maʼlumotlar asosida soliq majburiyatlari summasini mustaqil ravishda hisoblash huquqiga ega.

Hisoblangan summa to‘g‘risidagi rasmiy xabarnoma fuqaroga 10 kun ichida yetkaziladi. Shundan so‘ng mazkur summani to‘lash majburiyati yuzaga keladi. Yakuniy o‘zgartishlar esa soliq to‘lovchi tomonidan aniqlashtirilgan yoki birlamchi deklaratsiya taqdim etilganidan keyin kiritilishi mumkin.