Iqtisod

Vashingtonda O‘zbekiston va AQSH transport logistikasi muhokama qilindi

Vashingtonda O‘zbekiston va AQSH transport logistikasi muhokama qilindi
Vashingtonda O‘zbekiston va AQSH transport logistikasi muhokama qilindi / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —29 sentyabr kuni Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasida birinchi O‘zbekiston–Amerika transport-logistika forumi bo‘lib o‘tdi. Unda transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, servis operatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, biznes xavfsizligi va operatsion xatarlarni boshqarish masalalari muhokama qilindi.

Forum O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va mamlakatning AQSHdagi elchixonasi ishtirokida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov, IT Park Uzbekistan‘ning Shimoliy Amerikadagi rivojlanish bo‘yicha direktori Ruslan Yapparov, IT Park Uzbekistan rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Lazizbek Xudayev, elchixonaning ichki masalalar bo‘yicha maslahatchisi Abduhalim Xalilov, Zone-OH LLC bosh direktori Sherxonxo‘ja Imomxo‘jayev, Norbek & Partners LLC asoschi hamkori Suxrob Norbekov hamda ITF Group bosh direktori Saidazim Burhonxo‘jayev ishtirok etdi.

Umuman, forum transport-logistika sohasi, biznes, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning 65 nafardan ortiq vakilini birlashtirdi.

O‘zbekiston servis operatsiyalari uchun maydon sifatida

Uchrashuv davomida xalqaro transport va logistika kompaniyalari uchun O‘zbekistonning imkoniyatlari, jumladan, amaldagi qo‘llab-quvvatlash choralari, kadrlar salohiyati va BPO xizmatlarini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar taqdim etildi.

O‘zbekiston kompaniyalari allaqachon AQSHning transport-logistika sohasiga xizmat ko‘rsatmoqda. Hamkorlik yo‘nalishlari orasida dispetcherlik, buxgalteriya hisobi, avtoparkni boshqarish va kadrlar tanlash xizmatlari bor.

IT Park Uzbekistan maʼlumotlariga ko‘ra, 550 dan ortiq rezident kompaniya AQSH bozori bilan ishlaydi.

Xavfsizlik va xatarlarni boshqarish

Forumning alohida sessiyasi AQSH transport-logistika sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar duch kelayotgan muammolarga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar firibgarlikka qarshi kurashish, biznesni himoya qilish, hodisalarga javob qaytarish, shuningdek, kompaniyalarning davlat va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar bilan hamkorligi masalalarini ko‘rib chiqdi.

Muhokamalar amaliy tajriba almashish va Amerika bozorida faoliyat yuritishda operatsion xatarlarni kamaytirish bo‘yicha yechimlarni izlashga qaratildi.

Zero Risk dasturi

Ishtirokchilarga xalqaro kompaniyalarning O‘zbekistonda faoliyatini boshlashi va kengaytirishini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan Zero Risk dasturi ham taqdim etildi.

Dastur ofis infratuzilmasi va jihozlar bilan taʼminlash, mutaxassislarni tayyorlash va jalb etish, shuningdek, ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Birinchi O‘zbekiston–Amerika transport-logistika forumining o‘tkazilishi ikki mamlakat sohaviy vakillarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishi uchun maydon yaratdi. Muhokamalar markazida hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari, jumladan, AQSH bozorida ishlaydigan kompaniyalarga O‘zbekistonda BPO va boshqa servis xizmatlarini ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari turdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.