O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Uchta farmatsevtika kompaniyasi narxlarni asossiz oshirgan mablag‘larni qaytardi

UzDaily tahririyati · 03.08.2026 · 17:28 · 29 views
Uchta farmatsevtika kompaniyasi narxlarni asossiz oshirgan mablag‘larni qaytardi
Uchta farmatsevtika kompaniyasi narxlarni asossiz oshirgan mablag‘larni qaytardi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi maʼlum qilishicha, uchta farmatsevtika kompaniyasi dori vositalari narxlarini asossiz oshirish orqali olingan mablag‘larni ixtiyoriy ravishda qaytargan.

Qaytarilgan mablag‘larning umumiy hajmi qariyb 100 million so‘mni tashkil etdi.

Idora maʼlumotiga ko‘ra, qonunbuzilishlar Fair Tech yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan maʼlumotlar tahlili davomida aniqlangan. Tekshiruv natijasida NIKA PHARM, Astor Alliance va EVRO FARM BIZNES kompaniyalari tomonidan belgilangan narxlarga rioya etilmagani maʼlum bo‘lgan.

Xususan, NIKA PHARM «Gastromeg Ezo (Nika Pharm)» 40 mg №20 kapsulalarini, Astor Alliance “Dolgit” 50 g kremini va «Mezim F 10000» №20 tabletkalarini, EVRO FARM BIZNES esa 100 ml hajmdagi «Brovensin (World Medicine)» siropini belgilangan talablarga zid ravishda sotgan.

Qo‘mitada qayd etilishicha, Soliq qo‘mitasidan asossiz olingan daromad mavjudligi haqidagi maʼlumotlar o‘rganilganidan so‘ng kompaniyalar aniqlangan qonunbuzilishlarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan hamda ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish choralarini ko‘rgan.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi farmatsevtika bozori ishtirokchilarini qonunchilik talablariga rioya qilishga, Fair Tech axborot tizimi orqali qo‘llanilayotgan savdo ustamalarini muntazam tahlil qilib borishga hamda qonunbuzilishlar aniqlangan taqdirda ularni ixtiyoriy ravishda bartaraf etishga chaqirdi.