Uchqo'rg'onda yangi to'qimachilik fabrikasi ishga tushirildi

Uchqo'rg'onda yangi to'qimachilik fabrikasi ishga tushirildi

Uchqo'rg'onda yangi to'qimachilik fabrikasi ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Uchqo‘rg‘on tumanida sanoat va ishlab chiqarish sohasida yana bir muhim loyiha amalga oshirildi. “UZTEX GROUP” kompaniyasi negizida tashkil etilgan “Uchqo‘rg‘on tekstil” MCHJ o‘z faoliyatini boshladi.

Mazkur korxona zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan denim (jinsi) matosi uchun 3 ta kalava ipni birlashtirib, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bu esa mahsulot turlarini kengaytirish, sifatni oshirish va xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 10 million dollarni tashkil etib, uning doirasida 270 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu — yuzlab oilalar uchun barqaror daromad manbai, yoshlar uchun esa yangi imkoniyat demakdir. Ayniqsa, tumanning olis hududlarida yashovchi aholi uchun ishlash imkoniyatlari yana-da kengaymoqda.

Korxonaning taqdimot marosimi katta shodiyonaga aylanib ketdi. Tadbirda keng jamoatchilik, soha vakillari, tadbirkorlar va yoshlar ishtirok etib, Uchqo‘rg‘onda amalga oshirilayotgan bunday yirik sanoat loyihalarini yuksak baholadilar.

Ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda kompaniya asoschisi Farhodjon Mamajonov ishtirok etib, sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldilar.

Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, mehmonlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Yangi korxona faoliyatiga tantanali ravishda start berildi.

Taʼkidlash joiz, korxonada ishchi-xodimlar uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan: tibbiy xizmat, sifatli oziq-ovqat, qulay transport tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa mehnat unumdorligini oshirish bilan birga, xodimlar farovonligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Shu yerda “Mehnat yarmarkasi” ham tashkil etilib, bitiruvchi va vaqtincha ishsiz yoshlar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling