Toshkentda Qodiriy ko‘chasida harakat sxemasi optimallashtirildi
Toshkentda Qodiriy ko‘chasida harakat sxemasi optimallashtirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy ko‘chasida harakatlanish sxemasi optimallashtirildi. Bu haydovchilar uchun ortiqcha aylanma masofani va qayrilish uchun sarflanadigan vaqtni qisqartirish imkonini berdi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi maʼlum qildi.
Avvalroq Ekopark tomonidan harakatlanib kelayotgan va Movarounnahr hamda Mahatma Gandi ko‘chalari tomon yo‘l olgan haydovchilar ruxsat etilgan joyda qayrilish uchun ikki kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishga majbur bo‘lgan. Kiritilgan o‘zgarishlardan so‘ng qayrilish imkoniyati bevosita Abdulla Qodiriy ko‘chasining o‘zida tashkil etildi.
Natijada ushbu manevrani amalga oshirish masofasi taxminan 500 metrgacha qisqardi, bu esa avvalgi yo‘nalishga nisbatan o‘rtacha to‘rt baravar kam degani. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi maʼlumotlariga ko‘ra, bu ortiqcha aylanma harakatni qariyb 75 foizga qisqartirish imkonini bergan.
Shuningdek, manyovrni bajarish vaqti ham kamaydi: avval 6–8 daqiqa vaqt ketgan bo‘lsa, endilikda qayrilish taxminan 1,5–2 daqiqani tashkil etmoqda. Idora hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir haydovchi o‘rtacha 4–6 daqiqa vaqt tejaydi.
Qayd etilishicha, mazkur hududda transport oqimi yuqori ekani hisobga olinganda, o‘zgarishlar kunlik samaradorlikka sezilarli taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Jumladan, yon atrofdagi ko‘chalarga tushadigan yuklama kamayadi va o‘tkazuvchanlik darajasi oshadi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi shahar harakati samaradorligi va xavfsizligini oshirishga qaratilgan Toshkent transport infratuzilmasini nuqtaviy optimallashtirish ishlarini davom ettirmoqda.