“Rosatom” Texnik akademiyasi O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi xodimlari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ilk marotaba Texnik akademiya Jizzax viloyatidagi integratsiyalashgan AESning kichik quvvatli energiya bloklarida ishlash uchun xodimlarni tayyorlaydi.
O‘quv va uslubiy materiallarni yaratish jarayoniga “Rosatom” Texnik akademiyasining Obninsk, Sankt-Peterburg va Novovoronej shaharlaridagi uchta maydonchasi jalb etilgan. O‘quv dasturlarini ishlab chiqishda Akademiyaning qariyb 50 nafar xodimi ishtirok etmoqda.
Asosiy masala, noyob integratsiyalashgan AES uchun mutaxassislarni tayyorlashdir. Buning uchun kichik reaktorlarning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda o‘quv materiallarini ishlab chiqish, turdosh sohalardagi bilimlarni integratsiya qilish va amaliy mashg‘ulotlar blokini kuchaytirish talab etiladi. “Rosatom” Texnik akademiyasi xodimlarining ta’kidlashicha, ishga tushirish jarayoni uchun operatorlar tayyorlash bilan birga, to‘laqonli ta’lim muhiti yaratiladi.
Bundan tashqari, atom elektr stansiyasi maydonida o‘quv trenajyor markazini barpo etish rejalashtirilmoqda. Kelgusida ushbu markazda yuzlab soha mutaxassislari ta’lim olishi mumkin.
Hamkorlik natijasida integratsiyalashgan AES uchun malakali kadrlar tayyorlanadi hamda Rossiyaning ilg‘or ta’lim metodologiyalari joriy etiladi. Bu O‘zbekiston atom energetikasi sohasining kadrlar salohiyatini rivojlantirish yo‘lida uzoq muddatli mustahkam poydevor yaratadi.