O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

"O'zbekneftegaz" va "Sinopec" yangi loyihalarni muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 11.08.2026 · 23:24 · 28 views
"O'zbekneftegaz" va "Sinopec" yangi loyihalarni muhokama qilishdi
"O'zbekneftegaz" va "Sinopec" yangi loyihalarni muhokama qilishdi / Foto: "O'zbekneftegaz" AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi neft-gaz va kimyo korporatsiyalaridan biri hisoblangan “Sinopec” kompaniyasining Rossiya va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vakolatxonasi bosh vakili Fan Syannan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda neft-gaz sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, chuqur quduqlarni burg‘ilash hamda neftni qayta ishlash sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muloqotda Boshqaruv raisi keyingi yillarda Ustyurt mintaqasida amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida istiqbolli uglevodorod zaxiralari aniqlanganini ta’kidladi. Ushbu konlarni o‘zlashtirish doirasida 5,5–6 ming metr chuqurlikdagi, yuqori qatlam bosimi va yuqori harorat sharoitida burg‘ilanadigan quduqlarni qurish rejalashtirilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan “Sinopec” kompaniyasiga mazkur yo‘nalishda zamonaviy texnologik yechimlar hamda tijorat takliflarini taqdim etish taklif qilindi.

Muzokaralarda geologiya-qidiruv ishlarini birgalikda amalga oshirish va yangi istiqbolli bloklarni o‘zlashtirish masalasi ham ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, joriy yilda geologiya-qidiruv ishlari hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb uch barobarga oshirilgan. Shu bois istiqbolli maydonlarda hamkorlikda qidiruv ishlarini tashkil etish va keyingi bosqichda konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik formatlarini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvning yana bir muhim mavzusi — neftni qayta ishlash yo‘nalishida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilish bo‘ldi.

Shuningdek, kompaniya tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatiga katta qiziqish bildirildi. Ushbu yo‘nalishda hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishib olindi.

Tomonlar yuqori texnologiyalar, investitsiyalar va ilg‘or muhandislik yechimlariga asoslangan hamkorlikni kengaytirish har ikki tomon uchun manfaatli ekanini ta’kidlab, muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.