7
O‘zbekiston

Toshkentda hovlilar va maktablar hududida mikroo‘rmonlar tashkil etiladi

Toshkentda hovlilar va maktablar hududida mikroo‘rmonlar tashkil etiladi
Toshkentda hovlilar va maktablar hududida mikroo‘rmonlar tashkil etiladi / Foto: Toshkent shahar hokimligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda mahallalarda, ko‘p qavatli uylar orasida, shuningdek, maktablar va bolalar bog‘chalari hududlarida ko‘p yarusli kichik o‘rmon zonalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bunday hududlarni barpo etish to‘g‘risidagi qaror poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan 19 oktyabr kuni qabul qilindi. Hujjatda, shuningdek, yashil hududlar uchun ajratilgan yerlardan foydalanishni cheklash, tumanlarni ko‘kalamzorlashtirish dasturlarini ishlab chiqish va daraxtlarni raqamli hisobga olish tizimini joriy etish nazarda tutilgan.

Mikroo‘rmonlar, asosan, ko‘kalamzorlashtirish uchun bo‘sh yer maydonlari yetarli bo‘lmagan joylarda tashkil etiladi. Maydoni 200 kvadrat metrdan 1 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan hududlarda zich va ko‘p yarusli ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Bunda har bir kvadrat metrga kamida ikkitadan daraxt va buta ko‘chati ekiladi.

Agar yerni yashil hudud sifatida ajratish imkoni bo‘lmasa yoki maydon asfalt yoxud beton bilan qoplangan bo‘lsa, ko‘chatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuproqqa ekish o‘rniga, daraxt va butalar uchun katta hajmli konteynerlardan foydalangan holda kichik jamoat bog‘lari tashkil etiladi.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha masʼuliyat shahar tuzilmalari o‘rtasida taqsimlanadi. Tuman hokimliklari va homiylar konteynerlarni o‘rnatishni taʼminlashi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi sifatli ko‘chat yetkazib berishi, mahallalar esa aholi ishtirokida o‘simliklarni ekish va ularni keyinchalik parvarish qilishni tashkil etishi kerak. Shuningdek, har bir bog‘da sug‘orish, konteynerlarning saqlanishi va yashil o‘simliklarni parvarish qilish uchun masʼul shaxslar belgilanadi.

Yashil hududlar qurilishdan himoya qilinadi

Qarorga ko‘ra, yashil bog‘lar uchun ajratilgan yer uchastkalaridan faqat shu maqsadda foydalanishga ruxsat beriladi. Ularni jismoniy va yuridik shaxslar mulkiga o‘tkazish, qurilish ishlarini olib borish, inshootlar joylashtirish yoki boshqa faoliyat turlari uchun ishlatish taqiqlanadi. Shuningdek, aholining ushbu hududlarga kirishini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolar va tashkilotlar tashabbusi bilan barpo etilgan yashil bog‘lar xatlovdan o‘tkazilib, keyinchalik ularning ro‘yxati shakllantiriladi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab «Yashil lot» tizimi doirasida fuqarolar va kompaniyalarga yashil bog‘lar tashkil etish uchun yer uchastkalarini shartnoma asosida taqdim etish nazarda tutilgan. Tuman hokimliklari kadastr va ekologiya organlari bilan birgalikda mos yer maydonlari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, eʼlonlar joylashtirilishini hamda shartnomalar tuzilishini tashkil etadi.

Tumanlarda ko‘kalamzorlashtirish dasturlari ishlab chiqiladi

2026 yil 1 noyabrga qadar Toshkent shahrida tumanlarning «yashil dasturlari» ishlab chiqilishi kerak. 2027 yildan boshlab esa ularni har yili 1 martga qadar tayyorlash rejalashtirilgan.

Dasturlarda yashil bog‘lar barpo etish, soyali sayr ko‘chalari va ko‘llar tashkil qilish, yomg‘ir, erigan qor hamda oqova suvlardan foydalangan holda sug‘orish tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, daraxtlarni parvarishlash va chiqindilarni yig‘ish punktlarini tashkil etish bo‘yicha aniq loyihalar nazarda tutilishi lozim.

Har bir loyiha uchun moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari, masʼul ijrochilar va kutilayotgan natijalar belgilanadi. Dasturlar xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Yangixayot tumanida «yashil dastur»ni amalga oshirish uch oy ichida boshlanishi kerak. Uni moliyalashtirish umummilliy ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha Davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

2026 yil oxiriga qadar mahallalarga kirish joylarida ham ko‘kalamzorlashtirishning foydasi va tegishli hududlarning ekologik ko‘rsatkichlari haqida maʼlumot beruvchi bannerlar hamda elektron tablolar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Daraxtlarni raqamli hisobga olish va kuzgi ko‘chat ekish mavsumi

2027–2036 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida «Yashil makon» platformasida «Daraxtlar balansi» modulini yaratish ko‘zda tutilgan. Uni 2028 yil yanvarga qadar joriy etish rejalashtirilmoqda. Tizim har bir daraxtning joylashuvi, turi, yoshi va holati, sug‘orish manbasi, shuningdek, uni parvarish qilish uchun masʼul shaxslar haqidagi maʼlumotlarni hisobga olish imkonini beradi.

Poytaxtda daraxt va butalar ekishning kuzgi mavsumi 2026 yil 10 noyabrda boshlanadi. Ushbu sanaga qadar shahar xizmatlariga yer maydonlarini tayyorlash, sug‘orish tizimlarini tekshirish va sozlash, tuproqqa ishlov berish hamda boshqa zarur agrotexnik ishlarni bajarish topshirilgan.

1 oktyabrdan boshlab eʼlon qilingan ikki oylik obodonlashtirish tadbiri doirasida ham alohida choralar ko‘riladi. Ariqlar, kanallar, ko‘chalar, jamoat joylari va ko‘p qavatli uylar atrofini chiqindilardan tozalash, shuningdek, mavsumiy yog‘ingarchilikka tayyorlash maqsadida suv qochirish tizimlarini tayyor holatga keltirish talab etiladi.

Bundan tashqari, botanika va dendrologiya bog‘lari, o‘rmon xo‘jaliklari hamda yirik yashil hududlarda kompost tayyorlash va mulchalash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Poytaxtning har bir tumani kamida bittadan shox-shabbalarni maydalash uskunasi bilan taʼminlanishi kerak.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.