Toshkent va Rim agrar sohada qo‘shma loyihalarni rivojlantirmoqchi
Toshkent va Rim agrar sohada qo‘shma loyihalarni rivojlantirmoqchi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Gvido De Sanktis Tojikistonda o‘tayotgan FAOning Yevropa uchun 35-mintaqaviy konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan xalqaro muzokaralarda agrar sohada ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashib, uni yana-da rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Muzokaralar markazida agrar taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasida sheriklikni mustahkamlash masalalari turdi.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash dasturlarining ahamiyati alohida qayd etildi. Jumladan, o‘zbekistonlik talabalarni Italiya oliy taʼlim muassasalarida o‘qitishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari fikricha, bunday taʼlim loyihalari yosh mutaxassislar malakasini oshirishga hamda zamonaviy agrotexnologiyalar va xalqaro tajribalarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga tezroq joriy etishga xizmat qiladi.
Tomonlar agrar sektorda innovatsion yechimlarni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini kengaytirish, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bilan bog‘liq hamkorlik yo‘nalishlarini ham muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da rivojlantirish, yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va agrar tarmoqdagi sheriklikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdilar.