O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Texnik jihatdan tartibga solish tizimi takomillashtirilmoqda

UzDaily tahririyati · 09.07.2026 · 19:20 · 29 views
Texnik jihatdan tartibga solish tizimi  takomillashtirilmoqda

Texnik jihatdan tartibga solish tizimi  takomillashtirilmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 17-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga texnik jihatdan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. 

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda savdo va sanoat sohasini rivojlantirish, texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash, mahsulotlar ustidan davlat nazorati tartib-taomillarini Jahon savdo tashkilotining qoidalariga muvofiqlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur Qonun bilan amaldagi ayrim qonun hujjatlariga ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bartaraf etishga, milliy sifat infratuzilmasini ilgʻor xorijiy tajribaga tayangan holda va kompleks yondashuv asosida institutsional jihatdan rivojlantirishga hamda sohaga oid milliy qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga uygʻunlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Qonunda isteʼmolchilar huquqini himoya qilish, aholi hayoti va xavfsizligini taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi maqsadlarda foydalaniladigan oʻlchash vositalari davlat metrologiya nazorati obyekti sifatida belgilanmoqda.

“Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqiladigan va qoʻllaniladigan "korxona standartlari" instituti joriy etilmoqda.

“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunda esa texnik reglamentlarda xavfsizlik talablarini mahsulotning xavf tahlilidan kelib chiqqan holda belgilash amaliyoti nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda muvofiqlikni baholash organlarining vakolatliligiga oid talablar va mezonlarni belgilashda xalqaro standartlarga ustuvorlik berilishi mustahkamlanmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonun milliy sifat infratuzilmasining boshqaruv modelini yaratish, texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, shuningdek, mazkur sohalarda qoʻllaniladigan ayrim talablar hamda atamalarni Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.