O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

FAO mutaxassislari O'zbekiston qishloq xo'jaligi statistikasini o'rganadilar

UzDaily tahririyati · 19.08.2026 · 09:15 · 52 views
FAO mutaxassislari O'zbekiston qishloq xo'jaligi statistikasini o'rganadilar
FAO mutaxassislari O'zbekiston qishloq xo'jaligi statistikasini o'rganadilar / Foto: O'zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17 avgust kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) eksperti Mariana Toteva hamda tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy statistigi Rasmiya Aliyeva Milliy statistika qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi statistikasi bo‘yicha mavjud maʼlumotlar va metodologiyalarni o‘rganish, ularni o‘zaro solishtirish, shuningdek yillik qishloq xo‘jaligi statistikasida integratsiyalashgan va modulli yondashuvlarni takomillashtirishdan iborat.

Tashrif doirasida 18 avgust kuni Milliy statistika qo‘mitasi raisi B. Hamrayev, markaziy apparat masʼul xodimlari hamda FAO ekspertlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish va muntazam statistika kuzatuvlari doirasida shakllantirilgan maʼlumotlarni o‘zaro taqqoslash, ular o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni aniqlash va kelib chiqish sabablarini tahlil qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi statistikasida qo‘llaniladigan tushuncha, taʼrif, tasnif va metodologiyalarni uyg‘unlashtirish, maʼlumotlarning o‘zaro izchilligi, aniqligi va davomiyligini taʼminlash yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida maʼlumotlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba va metodologik yondashuvlarni milliy statistika amaliyotiga joriy etish hamda keyingi chora-tadbirlarni belgilab olish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

FAO ekspertlarining Milliy statistika qo‘mitasiga tashrifi 21 avgustga qadar davom etadi.