Paynet GOINVEST‘ga 17,2 mlrd so‘m investitsiya qiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Paynet‘ning sho‘ba kompaniyasi FurtherIT investitsiya platformasi GOINVEST‘ga 17,2 mlrd so‘m investitsiya kiritadi va kompaniyadagi ulushini 51 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Birinchi bosqichda FurtherIT GOINVEST‘ning 33,14 foiz ulushini sotib oldi. Bu haqda KAP DEPO xabar berdi.
Ushbu bitim Paynet‘ning investitsiya yo‘nalishini rivojlantirish doirasida amalga oshiriladi. U Paynet‘ning fintex infratuzilmasi va foydalanuvchilar bazasini GOINVEST hamda KAP DEPO‘ning kapital bozoridagi texnologiyalari va ekspertizasi bilan birlashtirishni nazarda tutadi.
Kompaniyalar O‘zbekiston aholisining kapital bozoriga raqamli kirish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi investitsiya mahsulotlarini ishga tushirish va masofaviy brokerlik xizmatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistondagi investorlar uchun xalqaro kapital bozorlariga, jumladan, AQSH fond bozoriga chiqish imkoniyatini yaratish bo‘ladi. Shuningdek, brokerlik hisoblarini elektron hamyonlar orqali to‘ldirish imkoniyatini joriy etish va GOINVEST investitsiya xizmatlarini Paynet ekotizimiga integratsiya qilish rejalashtirilgan.
GOINVEST asoschisi va KAP DEPO bosh direktori Farrux Xo‘jayev ushbu bitimni kompaniya rivojidagi muhim bosqich deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlarning salohiyatini birlashtirish raqamli investitsiyalarni rivojlantirishni tezlashtirish va fond bozorini fuqarolar uchun yana-da qulay qilish imkonini beradi.
Bitimni PwC kompaniyasi kuzatib bordi. U yuridik va konsalting xizmatlari bo‘yicha qo‘llab-quvvatladi.