Toshkentda 350 yillik tut daraxti tabiiy yodgorlik deb e'lon qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent markazidagi «Ko‘k gumbazlar» xiyobonida o‘sib turgan 350 yillik oq tut daraxti rasman davlat tabiat yodgorligi deb eʼlon qilindi. Bu haqda Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli qaror Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi deputatlari tomonidan 24 iyun kuni qabul qilingan.
Morus alba turiga mansub ushbu daraxtni tabiat yodgorliklari ro‘yxatiga kiritish taklifini joriy yil bahorida shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ilgari surgan.
Shahar kengashida taʼkidlanishicha, daraxtga muhofaza maqomi berilishi 350 yillik tutni poytaxtning tabiiy hamda tarixiy-madaniy merosining bir qismi sifatida asrab-avaylashga qaratilgan.
Daraxtning holati va unga keyingi parvarish ishlari bilan bog‘liq masalalar sayyor tadbir davomida muhokama qilindi. Unda deputatlar, O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari hamda shahar ekologiya boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari tut daraxtini ko‘zdan kechirib, uni keyinchalik saqlash va muhofaza qilish uchun zarur chora-tadbirlarni belgiladi.
Yaqin vaqt ichida daraxt atrofiga maxsus to‘siq o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, uning yoniga uch tilda axborot lavhasi joylashtiriladi. Unda daraxtning yoshi va turi, shuningdek, uning muhofaza maqomi haqida maʼlumotlar ko‘rsatiladi.
Toshkent shahar kengashida maʼlum qilinishicha, belgilangan choralar tabiat yodgorligining saqlanishini taʼminlash va jamoatchilik eʼtiborini poytaxtning tabiiy merosini muhofaza qilishga qaratishga xizmat qiladi.