O‘zbekistonda mijozni tekshirmasdan operatsiyalar limiti pasaytirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 9 avgustdan O‘zbekistonda mijozni lozim darajada tekshirish talab etilmaydigan pul operatsiyalari, jumladan, naqd pul bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar limiti 175 mln so‘mgacha pasaytirildi. Avval ushbu chegara 500 bazaviy hisoblash miqdori, yaʼni 206 mln so‘mni tashkil etgan. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki qarorida maʼlum qilingan.
Markaziy bank mazkur qarorni may oyida qabul qilgan bo‘lib, unda yangi limitni joriy etish uchun uch oylik muddat belgilangan edi.
Markaziy bank avvalroq chegara summasining pasaytirilishi talablarni Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash bo‘yicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhi (FATF) tavsiyalariga muvofiqlashtirish bilan bog‘liq ekanini maʼlum qilgan edi. Limit 15 ming dollarga ekvivalent miqdorda belgilandi.