O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Qozog‘iston va O‘zbekiston transchegaraviy suvlar hisobini raqamlashtiradi

Dilafro'z Niyazova · 10.08.2026 · 17:40 · 34 views
Qozog‘iston va O‘zbekiston transchegaraviy suvlar hisobini raqamlashtiradi
Qozog‘iston va O‘zbekiston transchegaraviy suvlar hisobini raqamlashtiradi / Foto: Gov.kz.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston va O‘zbekiston Suv munosabatlari bo‘yicha Qozog‘iston–O‘zbekiston qo‘shma komissiyasini tuzish hamda transchegaraviy suvlar hisobini raqamlashtirishni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi xabar berdi.

Kelishuvlarga 8 avgust kuni Turkiston shahrida suv munosabatlari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan Qo‘shma ishchi guruhning 14-yig‘ilishida erishildi.

Ishchi guruhga Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov hamda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev rahbarlik qildi. Yig‘ilishda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yerali Tug‘janov ham ishtirok etdi.

Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonlari hujjatning ratifikatsiya qilinganini ijobiy baholab, Qo‘shma Qozog‘iston–O‘zbekiston komissiyasi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ko‘rib chiqdi.

Komissiya transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirishning doimiy faoliyat yurituvchi mexanizmiga aylanishi kerak.

Ishtirokchilar suv xo‘jaligini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Tomonlar Sirdaryo havzasidagi gidropostlarni avtomatlashtirish loyihasining amalga oshirilishini ijobiy baholadi va tizimni yana-da kengaytirishni davom ettirishga kelishib oldi.

Loyiha doirasida xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida asosiy transchegaraviy suv ayirgichlardagi 10 ta gidropostni avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda. Ularning beshtasi Qozog‘iston, yana beshtasi O‘zbekiston hududida joylashadi. Tizim suv hisobini shaffof yuritish, maʼlumotlarni onlayn rejimda uzatish va axborot almashish uchun yagona baza shakllantirish imkonini berishi kerak.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar Qo‘shma ishchi guruhning 15-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldi.

Nurjan Nurjigitov ikki tomonlama hamkorlik formati suv xo‘jaligi sohasidagi aniq masalalarni tezkor hal etish imkonini berishini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvning har ikki mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilinishi keyingi ishlarni davom ettirish uchun yangi huquqiy asos yaratadi.