Tantashevning JCHdagi hakamligi keskin tanqidlarga uchradi
Tantashevning JCHdagi hakamligi keskin tanqidlarga uchradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashevning futbol bo‘yicha jahon chempionati 1/8 finalida Fransiya va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdagi faoliyati qator xorijiy ommaviy axborot vositalari va futbol ekspertlari tomonidan keskin tanqid qilindi.
Fransiyaning L‘Equipe nashri hamda Archivo VAR tahliliy portali hakamlar brigadasi ishiga o‘n ballik tizimda bir ball baho berdi. Tanqidchilar fikricha, hakam o‘yin nazoratini saqlab qola olmagan va bir qator vaziyatlarni baholashda xatolarga yo‘l qo‘ygan.
Qayd etilishicha, Tantashev ekspertlar fikriga ko‘ra Paragvay futbolchilari tomonidan sodir etilgan bir nechta qo‘pol qoidabuzarliklarga, jumladan Kilian Mbappe va Fransiya terma jamoasining boshqa o‘yinchilariga nisbatan qilingan harakatlarga munosabat bildirmagan. Shuningdek, paragvayliklar darvozasiga penalti faqat VAR tizimi aralashuvidan keyin belgilangan.
Paragvay terma jamoasi 1998 yilgi jahon chempionatidan beri ilk bor uchrashuvni birorta ham sariq kartochkasiz yakunladi. Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, janubiy amerikaliklar 13 marta, fransuzlar esa 10 marta qoidalarni buzgan. Uchrashuvdagi barcha uchta ogohlantirish Fransiya futbolchilari — Bredli Barkola, Kuadio Kone va Maykl Olise hisobiga yozildi.
O‘yin davomida bir nechta bahsli vaziyatlar yuz berdi. Jumladan, Paragvay yarim himoyachisi Matias Galarsa Fondaning ikki qo‘pol harakati ko‘plab ekspertlar fikricha jazosiz qolgan. Shuningdek, bahs futbolchilar ishtirokidagi ikki ommaviy to‘qnashuv bilan ham kechdi.
Germaniyalik hakamlik eksperti Patrik Ittrix o‘zbekistonlik hakamning ishini “fojiaviy” deb baholadi. Sobiq futbolchi Eduard Mor esa referi «o‘yin ipini qo‘ldan chiqarganini» taʼkidladi.