Surxondaryoda o‘g‘lini sotmoqchi bo‘lgan ayolga hukm o‘qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Termiz shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Angor tumanida yashovchi ayolni odam savdosi jinoyatida aybdor deb topib, uni 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Ish materiallariga ko‘ra, 30 yoshli ayol ajrashganidan so‘ng og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan va 2014 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini 40 mln so‘mga sotishga kelishgan. U kelishilgan mablag‘ning birinchi qismini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Sud muhokamasi davomida sudlanuvchi aybini to‘liq tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joy yo‘qligi, og‘ir moddiy ahvol va to‘planib qolgan qarzlar uni jinoyat sodir etishga undagan. Shuningdek, u bola yaxshiroq sharoitda yashaydi, deb o‘ylaganini bildirdi.
Sud shuningdek, joriy yilning fevral oyida ayol qiz farzandli bo‘lganini va uni ixtiyoriy ravishda farzandsiz oila tarbiyasiga berganini aniqladi.
Sud sudlanuvchini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “b” bandi («Odam savdosi») bilan aybdor deb topib, unga umumiy tartibdagi jazoni ijro etish koloniyasida o‘tash sharti bilan 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Bundan tashqari, sud Angor tumanidagi “Inson” Milliy ijtimoiy himoya agentligining tuman bo‘linmasi hamda tuman hokimligi huzuridagi Bolalarni himoya qilish bo‘limiga onasi qo‘lga olingach qarindoshi qaramog‘ida qolgan voyaga yetmagan bolaga vasiylik o‘rnatish masalasini hal etishni topshirdi.