O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

330 dan ortiq o‘zbekistonlik maqsadli ipoteka omonatini ochdi

UzDaily tahririyati · 06.08.2026 · 19:45 · 84 views
330 dan ortiq o‘zbekistonlik maqsadli ipoteka omonatini ochdi
330 dan ortiq o‘zbekistonlik maqsadli ipoteka omonatini ochdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonatlari mexanizmi joriy etilgan birinchi oy davomida undan 338 nafar fuqaro foydalandi. 1 avgust holatiga ko‘ra, ochilgan hisobvaraqlardagi mablag‘larning umumiy hajmi 23,9 mlrd so‘mga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar qildi.

Jami mablag‘ning 13,8 mlrd so‘mi yoki 57 foizi fuqarolarning o‘z mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, yana 10,1 mlrd so‘m yoki 43 foizi davlat byudjeti hisobidan o‘tkazilgan.

Eng ko‘p maqsadli ipoteka omonatlari “Agrobank”da ochilgan. Bank mijozlari umumiy qiymati 9,7 mlrd so‘m bo‘lgan 141 ta omonat rasmiylashtirgan bo‘lib, bu jami mablag‘larning 41 foizini tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinda 65 ta omonat va 4,6 mlrd so‘mlik mablag‘ bilan «Biznesni rivojlantirish banki» joylashgan. «Xalq banki»da esa 3,4 mlrd so‘mlik 50 ta omonat ochilgan bo‘lib, bu umumiy hajmning 14 foiziga teng.

Hududlar kesimida Farg‘ona va Xorazm viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Ushbu hududlarda 45 tadan maqsadli ipoteka omonati ochilgan. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda to‘rtta omonat rasmiylashtirilgan.

Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, bunday omonatlar bo‘yicha eng yuqori foiz stavkalari “Hamkorbank” tomonidan yillik 18 foiz va «Biznesni rivojlantirish banki» tomonidan yillik 16 foiz miqdorida taklif etilmoqda.

Maqsadli ipoteka omonatlari mexanizmi O‘zbekistonda tajriba tariqasida 2026 yil 1 iyuldan boshlab amal qilmoqda.

Bunday omonatni ipoteka subsidiyasi olish uchun maʼqullangan fuqarolar ochishi mumkin. Davlat hisobvaraqqa boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun mablag‘ o‘tkazadi, qolgan qismini esa qarz oluvchi mustaqil ravishda kiritadi. Shaxsiy mablag‘lar miqdori uy-joy qiymati va kredit shartlariga bog‘liq bo‘lib, omonatning amal qilish muddati 12 oydan oshmaydi.

Yangi mexanizmni joriy etish bo‘yicha tajriba 2026 yil 31 dekabrga qadar davom etadi.