O‘zbekiston AQSHning H-2A dasturi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Migratsiya agentligi qishloq xo‘jaligi sohasida xorijlik xodimlarni ishga joylashtirishga ixtisoslashgan yana bir Amerika rekruting kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hujjat AQSHdagi H-2A viza dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolarini mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga tayyorlash va ishga joylashtirishni nazarda tutadi.
Migratsiya agentligi maʼlum qilishicha, mazkur kelishuv uyushgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston fuqarolari uchun qonuniy mehnat qilish imkoniyatlarini yana-da oshirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida tomonlar Amerika ish beruvchilarining talablarini inobatga olgan holda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, nomzodlar uchun ingliz tili va kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil etish, amaliy ko‘nikmalarni baholash hamda qo‘shma sertifikatlash tizimini joriy qilish, shuningdek, ishchilarni tanlash va yuborishning shaffof mexanizmlarini yaratishni rejalashtirmoqda.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Migratsiya agentligi nomzodlarni saralash, ularni AQSH mehnat qonunchiligi va mehnat sharoitlari bo‘yicha tayyorlash, shuningdek, mavsumiy ishlar yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston fuqarolarining o‘z vaqtida Vatanga qaytishini taʼminlaydi.
Idoraning maʼlum qilishicha, Amerika ish beruvchilarining mavsumiy qishloq xo‘jaligi xodimlarini jalb qilish bo‘yicha dastlabki buyurtmalari, shuningdek, nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi haqidagi maʼlumotlar Migratsiya agentligining «Xorijda ish» Telegram-kanalida eʼlon qilib boriladi.