SSV COVID-19ning “Sikada” shtammi xavfini baholadi
SSV COVID-19ning “Sikada” shtammi xavfini baholadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi COVID-19‘ning yangi “Sikada” (BA.3.2) shtammi haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi. Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning taʼkidlashicha, hozirgi bosqichda ushbu virus varianti jiddiy xavf tug‘dirmaydi.
Maʼlum qilinishicha, BA.3.2 shtammi avvalroq aniqlangan bo‘lib, yuqori tarqalish tezligi bilan tavsiflanmaydi. Uning shartli nomi “Sikada” virusning uzoq vaqt davomida o‘zi namoyon bo‘lmasligi xususiyati bilan bog‘liq. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu variant 23 mamlakatda, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Gonkong va Mozambikda qayd etilgan.
Xalqaro tashkilotlar vaziyatni monitoring qilishni davom ettirmoqda, biroq hozircha yangi shtamm avvalgi koronavirus variantlariga nisbatan xavfliroq ekani tasdiqlanmagan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, kasallikning klinik ko‘rinishi “Omikron” variantiga o‘xshash bo‘lib, nafas yo‘llarining zararlanishi, burun oqishi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, shilliq qavatlarning qizarishi hamda ayrim hollarda hid va taʼm sezish qobiliyatining yo‘qolishi kabi alomatlarni o‘z ichiga oladi.
Mutaxassislar bolalar ushbu variant bilan kattalarga qaraganda ko‘proq zararlanishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Bu kattalar orasida vaksinatsiya yoki kasallikni boshdan kechirish orqali immunitet shakllangani, bolalarda esa immun himoya darajasi nisbatan pastligi bilan izohlanadi.
Yuqori xavf guruhiga shuningdek keksalar, surunkali kasalliklari bor shaxslar, immuniteti zaif va nafas olish tizimi patologiyasi mavjud bemorlar kiradi.
SSV vakili yangi shtamm qayd etilgan hududlardan kelgan shaxslar bilan aloqalarni cheklashni tavsiya qildi. Shu bilan birga, “Sikada” yangi epidemiya yoki pandemiya to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omil sifatida qaralmasligi taʼkidlandi.
Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib qolmoqda, aholi o‘rtasida jamoaviy immunitet darajasi taxminan 80 foizni tashkil etadi, bu esa infeksiyaning keng tarqalish xavfini kamaytiradi.