O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Senati bolalar huquqlari va ombudsmanlarni himoya qilishni kuchaytirdi

UzDaily tahririyati · 09.08.2026 · 16:01 · 44 views
Oʻzbekiston Senati bolalar huquqlari va ombudsmanlarni himoya qilishni kuchaytirdi
Oʻzbekiston Senati bolalar huquqlari va ombudsmanlarni himoya qilishni kuchaytirdi / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Mamlakatimizda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining nufuzini oshirish, shuningdek, jamiyatda inson huquqlari va erkinliklarini, shu jumladan bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) taʼsir choralari jumlasiga kiruvchi hujjatlarning koʻrib chiqilishida mansabdor shaxslarning masʼuliyatini yanada oshirish, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganligi munosabati bilan unda nazarda tutilgan normalarning amaliyotga toʻlaqonli tatbiq etilishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) parlament bilan bogʻliq faoliyatini tartibga solishga, uning voyaga yetmaganlar jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish, sud hamda jinoiy jazolarni ijro etish jarayonlaridagi rolini oshirishga doir oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan qayd etilganidek, ushbu Qonun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyatini yanada takomillashtirishga, inson huquqlarini, shu jumladan bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.