Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyaning Astraxan viloyatida O‘zbekistonning 36 yoshli fuqarosi cho‘kib ketdi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, fojia 14 oktyabr kuni Volodarskiy tumanidagi Svetnoye qishlog‘ida erkak kishi daryodan suv olayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.
Erkakning jasadi 15 oktyabr kuni topilgan. Hozirda vakolatli organlar hodisa tafsilotlarini aniqlamoqda.
Migratsiya agentligi hududiy tergov boshqarmasi bilan aloqa o‘rnatdi va halok bo‘lgan fuqaroning turmush o‘rtog‘i bilan bog‘landi.
Zarur hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng marhumning jasadini O‘zbekistonga olib kelish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Agentlik marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.