Rishtonda investorlar ishtirokida texnopark tashkil etiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “Yanjin Shop Food Co., Ltd.” kompaniyasi bosh direktori Chjan Syueu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda viloyatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan “Hunan Zhongwei Group Co., Ltd.” kompaniyasi direktori Chen Minbo ham ishtirok etdi.
Muloqotda Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur kompaniya Xitoyning oziq-ovqat sanoatida faoliyat yurituvchi yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri bo‘lib, sohada katta tajriba va salohiyatga ega.
Uchrashuv davomida investorlar tomonidan viloyatimiz hududlarida meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish yo‘nalishlarida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar borasida maʼlumot berildi.
Viloyat hokimi qishloq xo‘jaligi sohasida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va mahsulotlarni qayta ishlash hajmini oshirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, loyihalar qo‘llab-quvvatlanishi va zarur ko‘mak ko‘rsatilishini maʼlum qildi.
Belgilangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga kelishib olindi.