Etihad Airways Abu-Dabi — Toshkent yo‘nalishida reyslarni boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Etihad Airways Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasida har kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘ydi. Aviakompaniyaning birinchi reysi 10 avgust kuni soat 01:35 da Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Abu-Dabi — Toshkent yo‘nalishidagi birinchi reysni Airbus A320 samolyoti amalga oshirdi. Aeroportda havo kemasi suv arkasi bilan kutib olindi, yo‘lovchilar va ekipaj aʼzolariga milliy shirinliklar hamda gullar topshirildi.
Kelishlar zalida Etihad Airways, Uzbekistan Airports va BAAning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirokida marosim bo‘lib o‘tdi. Tabrik so‘zlaridan so‘ng yangi aviayo‘nalish ochilishi munosabati bilan lenta kesish marosimi o‘tkazildi.
Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasidagi reyslar Airbus A320 samolyotlarida har kuni amalga oshiriladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi havo aloqalarini kengaytiradi. Shuningdek, yo‘lovchilar Abu-Dabidan Etihad Airways xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘ylab keyingi parvozlar uchun tranzit nuqta sifatida foydalanishlari mumkin.
Etihad Airways BAAning milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviakompaniya 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Abu-Dabida joylashgan.