TDTUda Nagaoka universitetining vakolatxonasi ochildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 7-avgust kuni oliygohimizda Nagaoka texnologiya universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirda Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kenji Xirata, JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kan Sakay, Nagaoka texnologiya universiteti Prezidenti Shigexaru Kamado, universitetning xalqaro strategiya bo‘yicha vitse-prezidenti Yukio Miyashita, universitetimiz rektori, akademik Sadritdin Turabdjanov boshchiligidagi oliygoh rahbariyati ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar TDTU huzuridagi O‘zbekiston–Yaponiya Yoshlar innovatsiya markazi konferensiya zalida kutib olindi. Uchrashuv davomida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grant loyihalari hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida TDTU va Nagaoka texnologiya universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Shundan so‘ng Nagaoka texnologiya universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochishga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Kenji Xirata, Kan Sakay, Shigexaru Kamado, Sadriddin Turobjonov va Saidmurod Niyozbekov ramziy tasmani kesib, vakolatxona faoliyatiga rasman start berdilar. Marosim doirasida yapon an’analariga muvofiq Daruma qo‘g‘irchog‘ining ko‘zini bo‘yash marosimi ham o‘tkazildi.
Tadbir davomida mehmonlar TDTUda faoliyat yuritayotgan Japan Career Academyga tashrif buyurib, talabalar bilan muloqot qildilar. Shuningdek, Nagaoka texnologiya universitetining xalqaro strategiya bo‘yicha vitse-prezidenti Yukio Miyashita hamda TDTUning xalqaro ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Shavkat Azimov tomonidan ma’ruzalar taqdim etildi. Ma’ruzalarda xalqaro akademik mobillik, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Nagaoka texnologiya universitetining TDTUdagi vakolatxonasi ochilishi ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, akademik mobillikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.