Xitoy kompaniyasi transformator ishlab chiqarish loyihasini ishga tushiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning "Qingdao Junling Transformers" kompaniyasi taʼsischisi Szi Chjaoshan boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida, xususan, Bag‘dod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Kompaniya taʼsischisi Szi Chjaoshan o‘z korxonasi faoliyati, transformatorlar ishlab chiqarish sohasidagi tajribasi hamda Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar xususida maʼlumot berdi. Loyihaning birinchi bosqichida transformatorlar ishlab chiqarish uchun zarur xom ashyo va butlovchi qismlar olib kelinib, ularni yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda esa mahalliy ishlab chiqarishni to‘liq yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xorijiy investorlar loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus markaz tashkil etilganini taʼkidlab, har bir investitsiya loyihasiga zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi va loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni jadallashtirish va loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi hamda o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.