O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Farg‘onada 12,9 mlrd so‘mlik subsidiya noqonuniy olingani aniqlandi

UzDaily tahririyati · 05.08.2026 · 18:40 · 33 views
Farg‘onada 12,9 mlrd so‘mlik subsidiya noqonuniy olingani aniqlandi
Farg‘onada 12,9 mlrd so‘mlik subsidiya noqonuniy olingani aniqlandi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida issiqlik energiyasi yetkazib berish bo‘yicha ishonchsiz maʼlumotlar asosida byudjetdan 12,9 milliard so‘m subsidiya asossiz ajratilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Qonunbuzilishlar departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan «Issiqlik taʼminoti» korxonasi viloyat filiali faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlangan.

Idora maʼlumotiga ko‘ra, 2024–2025 yillarda hamda 2026 yil yanvar–may oylarida korxona amalda aholiga 85,7 ming gigakaloriya issiqlik energiyasini yetkazib bergan. Biroq viloyat Iqtisodiyot va moliya boshqarmasiga taqdim etilgan hujjatlarda yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hajmi 212,3 ming gigakaloriya etib ko‘rsatilgan bo‘lib, bu haqiqiy ko‘rsatkichdan taxminan 2,5 barobar yuqori.

Departament taʼkidlashicha, ishonchsiz maʼlumotlarni hujjatlarga kiritish natijasida korxona mansabdor shaxslari qo‘shimcha ravishda 12,9 milliard so‘m byudjet subsidiyasi ajratilishiga erishgan. Idora bahosiga ko‘ra, bu bilan davlat manfaatlariga ayniqsa yirik miqdorda zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Departament xabarida jinoyat ishi Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgani, shuningdek, tergov olib borilayotgan shaxslarning soni va lavozimlari haqida maʼlumot keltirilmagan.