Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning 35 yillik bayrami shukuhi davom etayotgan kunlarda Qoraqalpog‘iston ahli bilan yuzma-yuz ko‘rishib turganidan mamnunligini bildirdi.
So‘nggi yillarda hudud uchun katta mablag‘, imtiyoz va sharoitlar yaratildi. Foyda, yer va mol-mulk soliqlari 2 karra, sanoat uchun elektr tarifi 15 foizga pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.
O‘tgan yili Qoraqalpog‘istonga 1 milliard 700 million dollar investitsiya kiritildi. Bu 2021-yildagidan 22 karra ko‘p.
Bu yil Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan hududlardan biriga aylandi. Joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot 10,2 foiz o‘sib, hudud Toshkent shahridan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.
So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda 860 megavattli yangi energetika quvvatlari ishga tushirildi. Beruniy va Qorao‘zakda shamol stansiyalarining qurilishi hisobiga “yashil” energiya ulushi 23 foizga yetdi. Elektr ishlab chiqarish 4 karra oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu aholi va korxonalarning yillik talabidan qariyb 3 barobar ko‘p.
Kecha 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Jumladan, Qo‘ng‘irotda 2 milliard 600 million dollarlik, quvvati 1,5 ming megavattli shamol stansiyasini qurish boshlandi. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq va 500 kilovoltli 3 ta podstansiya barpo etiladi.
2030-yilgacha jami quvvati 3 ming 300 megavattli shamol stansiyalari ishga tushirilib, “yashil” energiya ulushi 76 foizga yetkaziladi, 400 megavattli energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Qoraqalpog‘iston “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaning eng yirik markazlaridan biriga aylanadi.
Qoraqalpog‘istonning har bir tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bo‘zatovda zamonaviy sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxona ishga tushirildi. Amudaryo va To‘rtko‘lda har biri 2 ming o‘rinli amfiteatr, Nukus shahrida gimnastika markazi va Konservatoriya filiali foydalanishga topshirildi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan 384 million dollar hisobiga A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometri to‘liq beton qoplamaga o‘tkazildi. Kecha yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniydan o‘tgan yana 92 kilometrini qurish boshlandi. Mazkur loyihaning qiymati 233 million dollar.
Natijada tranzit 1,5 karra oshadi. To‘rtko‘lga kirgan yuklar Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetib boradi.
Kelasi yil mart oyidan Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 16 soatdan 7 soatga qisqaradi.
“Tuyamo‘yin” suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 100 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini tortish boshlanadi.
Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonda yer, qazilma boyliklar, quyosh va shamol energiyasi, katta yaylovlar mavjudligini qayd etdi.
Ana shu imkoniyatlar asosida “resursdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan zanjirni qamrab oladigan yangi sanoat va investitsiya xaritasi yaratiladi.
“Qo‘ng‘irot – Qorao‘zak – Taxiatosh” yo‘nalishi Qoraqalpog‘istonning “yashil sanoat yo‘lagi” – “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylanadi.
Sun’iy intellekt va data markaz loyihalari uchun tashkil etilgan maxsus zonada 8 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi.
Mutasaddilarga 1-oktabrgacha besh yillik dastur ishlab chiqib, investorlar uchun 1 gigavatt quvvatli barqaror elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Uch yilda Nukus shahri, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida yillik eksportni 600 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida havoga chiqariladigan issiqxona gazlarini kamaytirish dolzarb masala ekani ta’kidlandi.
“Yashil” energiyani “karbon kredit”ga aylantirish Qoraqalpog‘istonga yiliga kamida 50-100 million dollar daromad olib kelishi mumkin.
Mutasaddilarga bir oyda “karbon kredit” mexanizmini Qoraqalpog‘istonda yo‘lga qo‘yish, Yaponiya, Koreya, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya kabi yirik importyor davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazish topshirildi.
“Karbon kredit” eksportidan tushadigan mablag‘lar infratuzilma uchun ajratilayotgan mablag‘larga qo‘shimcha bo‘ladi va Qoraqalpog‘istonning o‘zida qoladi.
Yirik xorijiy kompaniyalar “o‘rmon karbon krediti” tizimi orqali ekologik vaziyati og‘ir hududlarda daraxt ekishni moliyalashtirish bo‘yicha takliflar bildirmoqda.
Yil yakunigacha Orolning 50 ming gektar maydonida “o‘rmon karbon krediti” dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Qoraqalpog‘iston hududining atigi 20 foizida geologiya ishlari o‘tkazilgan. Yirik investorlar kelayotgan bir paytda xomashyo zaxiralari bo‘yicha ma’lumotlar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xitoylik investor Qorao‘zakdagi “Urusoy” koniga 33 million dollar sarmoya va texnologiya olib kirib, 200 gektarda 4 tonna oltin zaxirasini aniqlagan. Bu yerda 320 ta ish o‘rni yaratilgan.
Bir oyda investorlar ko‘targan masalalarni hal qilib, 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, kompleks geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqib, konlar zaxiralarini qayta baholash topshirildi.
Qo‘ng‘irotdagi “Borsa kelmas” konidan har yili 1 million tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda. Bo‘zatovdagi “Kuskanatau” konida mirabilitni qayta ishlab, yiliga 45 ming tonna natriy sulfat, astraxanitdan esa magniy sulfat olish mumkin.
Germaniya kompaniyasi Beruniydagi kvarsit koniga 30 million dollar kiritib, kristall kremniy ishlab chiqarish va yiliga 25 million dollarlik eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Jahon bozorida bir tonna kristall kremniy 5,5 ming dollar turadi.
Kimyo sanoati mutasaddilariga dastlabki 400 million dollarlik rejaga qo‘shimcha 200 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish va 5 ming ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.
Tarmoq rahbarlariga Qoraqalpog‘istonda “xomashyo – tayyor mahsulot – eksport” zanjiri asosida loyihalar, ish o‘rinlari va qo‘shilgan qiymat bo‘yicha aniq rejalar belgilash topshirildi.
Amudaryo, Beruniy, Taxtako‘pir, Kegeyli va To‘rtko‘lda to‘qimachilik hamda charm sanoatida kamida 150 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Nukus shahri, Nukus tumani va Qorao‘zakda elektrotexnika sanoatida 200 million dollarlik, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Beruniyda energiya tejamkor qurilish materiallari bo‘yicha 100 million dollarlik loyihalar tashkil etiladi.
Nukus shahrida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish bo‘yicha 120 million dollarlik, Nukus shahri, Qonliko‘l, Kegeyli, Chimboy va Bo‘zatovda farmatsevtika sohasida 50 million dollarlik loyihalar yo‘lga qo‘yiladi.
Italiyaning “Bonifika Ferrarizi” kompaniyasi bilan Taxtako‘pirda 50 million dollarlik loyiha boshlanmoqda. 2 ming gektarda Italiya texnologiyasi asosida pomidor va g‘alla yetishtirilib, chuqur qayta ishlanadi hamda Yevropaga eksport qilinadi.
15-oktabrgacha har bir tuman bo‘yicha “road show”lar o‘tkaziladi. Viloyat hokimlari o‘z investorlarini jalb qilib, 2-3 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni boshlaydi.
Umuman, kelasi yil Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasi belgilandi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qoraqalpog‘istondagi 2 ming tadbirkor uch yilda 2 trillion 145 milliard so‘m kreditni vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylangan. “Mijozni o‘stirish” modeli asosida yana kamida 30-40 ming odamni ishli va daromadli qilish imkoniyati bor.
Hududga mas’ul bank ishonchli mijozlar uchun 16 foiz stavkada 300 milliard so‘mlik kredit liniyasini ochmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4 foizlik qismini qoplab berishi hisobiga tadbirkor uchun stavka 12 foizga tushadi.
Qolgan 8 ta bankka ham bir oyda shunday qulay mahsulotlarni ishlab chiqish topshirildi.
Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi.
Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi “drayver” loyihalarga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.
Ikki yilda biznes infratuzilmasiga 370 milliard so‘m ajratilgani hisobiga 2 ming 200 ta savdo-servis obyekti ishga tushib, 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida 60 o‘rinli bog‘cha, futbol va vorkaut maydonchalari tashkil etilgani mahallaga yangicha kayfiyat olib kirgani ta’kidlandi.
Tuman hokimlariga shu yil iqtisodiy o‘sish va bandlikka turtki beradigan yana ikkitadan loyiha qilib, 10 ming odamni daromadli qilish topshirildi. Buning uchun 100 milliard so‘m ajratilib, bir haftada moliyalashtirish ochiladi.
Qoraqalpog‘istondagi 417 ming gektar ekin yerini sug‘orishga 5 milliard 700 million kub metr suv sarflanmoqda. Yo‘qotishlar esa 38 foizni – 2 milliard 100 million kub metrni tashkil etmoqda.
To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” kanalidan yiliga o‘tadigan 115 million kub metr suvning 44 millioni yo‘qotiladi. Kanal to‘liq betonlansa, yana 9 ming gektarga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.
Bo‘zatovdagi “Erkindaryo” kanalining 8 kilometrini betonlash hisobiga foydalaniladigan yer 3 ming gektarga ko‘payadi, 15 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. 3 ta suv inshooti va 22 ta artezian quduq barpo etilishi yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratish imkonini beradi.
Ushbu ishlarga jami 135 milliard so‘m ajratish, ikki kanalni 1-martgacha betonlash topshirildi. To‘rtko‘l va Bo‘zatovda kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish vazifasi belgilandi.
Suv obyektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan 4,5 million dollar grant jalb qilingani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Kelasi yil bunday grantlarni 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
O‘tgan yili 30 milliard so‘m hisobiga 276 ta suv nasosi energiya tejamkoriga almashtirilib, yiliga 16 million kilovatt-soat elektr tejalmoqda. 1-aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi 59 ta, qolgan viloyatlardagi yana 200 ta nasos yangilanadi.
Qoraqalpog‘istonda 4 million 300 ming gektar yaylov yeri bor. Shundan 2,5 million gektaridan aholi daromadini oshirish va chorvani ko‘paytirish uchun yetarlicha foydalanilmayapti.
“Beruniy Agrostar” Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboyda aylanmadan chiqqan 2 ming gektar yerni tiklab, ozuqa yetishtirishga moslashtirmoqda. Kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Bu 14 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasi bo‘ladi.
Bo‘zatovda ham 7,5 ming gektar yerni ozuqaga moslashtirishga 100 milliard so‘m ajratiladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming so‘m subsidiya berish bo‘yicha o‘n kunda qaror kiritish topshirildi.
Misr tajribasini o‘rganish uchun 200 dan ziyod fermer, jumladan, qoraqalpog‘istonlik 26 nafar fermer ushbu davlatga yuborilgan. Dastlabki bosqichda Qoraqalpog‘istonning 20 ming gektar maydonida Misr tajribasi yo‘lga qo‘yiladi.
Cho‘l hududlarida ozuqa yetishtirishni ko‘paytirish uchun Misrdan mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi. Chorvachilik uchun Osiyo taraqqiyot bankidan olinayotgan 60 million dollar kredit va 8 million dollar grant birinchi navbatda shu loyihaga yo‘naltiriladi.
Chorvachilikda yirik komplekslar tashkil etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
May oyida chorva bosh sonini ko‘paytirishga 1 trillion 600 milliard so‘m resurs ajratilgan. Amalda 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan loyihalarga o‘n yilga 10 foizli kredit berilmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik chorvadorlarning 1-2 ming boshli komplekslar tashkil etish uchun kredit miqdorini 50 milliard so‘mgacha oshirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Beruniylik chorvadorlar samolyotda qoramol tashish kompensatsiyasining shartlari yengillashtirilsa, 5 ming bosh chorva olib kelishga tayyorligini bildirgan. Endi Qoraqalpog‘istonga samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 million so‘mgacha subsidiya qilinadi.
Bir oyda joyi, tashabbuskori va mablag‘i aniq bo‘lgan kamida 100 ming boshli chorva komplekslarining loyihalari shakllantiriladi. Qoramol xaridi uchun kredit ajratish tartibi yengillashtirilib, mablag‘lar tuman shtabi xulosasi asosida beriladi.
Taxtako‘pirda Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Mo‘g‘uliston, Turkiya, Xitoy va Avstraliyadan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinib, Qoraqalpog‘iston sharoitida ko‘paytiriladi. Buning uchun bir oyda 1 ming gektar yerni belgilab berish topshirildi.
Yil yakunigacha 10-15 ming gektarda loyihalarni shakllantirib, bir yil ichida 100 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Prezidentimiz kecha “Kegeyli naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan tanishganini qayd etdi. Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, bir yil ichida parranda yetishtirish quvvatini 2-3 karra oshirish va korxonani xoldingga aylantirish topshirildi. Zarur mablag‘ masalasi hal qilinadi.
Kegeylidagi texnikumda parranda yetishtirishni o‘rgatadigan kurslar tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘istonda 30 ming gektarda sho‘rga chidamli olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi.
Prezidentimiz Kegeylidagi 330 gektar sho‘r yerda yaratilayotgan sanoatlashgan bog‘ni ko‘rganini qayd etdi. Yangi dastur doirasidagi 10 ming gektarda ishlar shu yil boshlanadi.
Viloyat hokimlari 500 va 1 ming gektardan bog‘ yaratishga mas’ul bo‘ladi. Andijondan yer bo‘yicha mutaxassis va dehqonlar kelib, Kegeylida ishlarni boshlagan.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat hokimlari va Bog‘dorchilik agentligi o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuziladi. Ikki haftada har bir viloyat uchun yer ajratilib, kafolatli suv ta’minoti yaratiladi. Agentlik 1-oktabrgacha iqlimga mos ko‘chat navlari va ekish texnologiyalarini taqdim etadi.
Viloyat hokimlari usta dehqon va agronomlarni jalb qilib, ularga uy-joy qurib beradi. Har bir hududda 50 gektardan bog‘ joriy yil, qolgan maydonlarda bahorda barpo etiladi. Qayta ishlash quvvatlari ham shu yerning o‘zida tashkil qilinadi.
Bog‘dorchilikda 20 ming odamni ishli qilish va uch yilda meva eksportini kamida 500 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi bahordan Nukus tumanidagi 10 ming gektar maydonda qovun yetishtirish boshlanadi.
Yil yakunigacha Ispaniya, AQSh, Niderlandiya va Xitoydan qovunning eng yaxshi navlari, urug‘chilik va agrotexnologiya bo‘yicha mutaxassislarni olib kelish topshirildi.
Salohiyatli investorlarni jalb qilib, shu yerning o‘zida qovunni qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadigan xolding tashkil etiladi.
Nukus tumanidagi texnikum qovunchilikka moslashtirilib, laboratoriya va sinov poligoni bilan ta’minlanadi.
Ushbu muassasa Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax, Qashqadaryo va Sirdaryodagi qovun yetishtiruvchilar uchun tajriba almashish metodik markazi bo‘ladi.
Kecha Nukus shahrining “Ashshiko‘l” hududida 50 ming aholiga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” massivi – “Nukus siti” qurilishi boshlandi.
270 gektarda ilg‘or arxitektura yechimlari va energiya tejamkor texnologiyalar asosida osmono‘par binolar, biznes, savdo va servis markazlari, yashil xiyobonlar barpo etiladi. Investitsiya loyihalariga xorijdan salohiyatli investorlar jalb qilinadi.
Nukusdagi Mustaqillik ko‘chasi tun-u kun ishlaydigan maskanga aylandi. 28 nafar tadbirkor ish boshlab, 50 nafarining faoliyati kengaygani hisobiga bir haftada savdo tushumi 2 karra oshdi.
Nur va Elobod mahallalari Olmazorning Qichqiriq mahallasi namunasida obod qilinadi. Navro‘z bayramigacha shu yerdagi istirohat bog‘ida aholini jalb qiladigan zamonaviy maskan barpo etish topshirildi.
Kegeylida 3,5 kilometr zovurni yopib, 100 ta servis obyekti qurish boshlangan. Buning hisobiga 320 ta ish o‘rni yaratiladi.
Qolgan viloyat hokimlariga ham Navro‘zgacha o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda bittadan mahalla va markaziy ko‘chada shunday loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Obod qilingan ko‘cha va mahallalarga aholining o‘zi baho berishi, odamlar ma’qul topsa, ushbu ko‘chalarga ularni obod qilgan viloyatlar nomini berish taklifi bildirildi.
Qoraqalpog‘istonda 1 million 100 ming yoshlar bor, shundan 505 mingi 14-30 yoshda. Davlatimiz rahbari bu katta kuch ekanini, yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish muhimligini ta’kidladi.
Bir yilda 1 ming, kelgusi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Hududda xorijiy til sertifikatiga ega 98 ming, axborot texnologiyalari bo‘yicha 127 ming, aniq fanlar bo‘yicha sertifikat olgan 5,5 ming yosh bor. Ularning 10 mingi chet tili va axborot texnologiyalarini mukammal biladi.
Koreyadagi vatandoshimizning olis hududlardagi yoshlarga axborot texnologiyalarini o‘rgatib, ularni yuqori daromadli qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Yil yakunigacha shunday kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni Qoraqalpog‘istonga jalb etib, loyihalar boshlash topshirildi.
Prezidentimiz Nukus shahridagi 1-son texnikumda yo‘lga qo‘yilgan kasbiy ta’lim tajribasini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Texnikumda “Pearson BTEC” xalqaro ta’lim dasturi joriy etilgan bo‘lib, bitiruvchilarga 70 ta davlat tan oladigan kasb sertifikati beriladi.
Tadbirkor Salovutdin Ilyosov bu yerda 37 turdagi kichik asbob-uskuna ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yoshlarga uskunasozlikni ham o‘rgatmoqda. Ushbu uskunalarni olgan 4 ming ishsiz daromad topishni boshlagan.
Yangi yildan Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qo‘ng‘irotdagi bittadan texnikumda ham shu tajriba yo‘lga qo‘yiladi.
1-oktabrdan asbob-uskuna uchun beriladigan ssuda miqdori 20 million so‘mdan 50 million so‘mga oshiriladi.
“Usta-shogird” an’anasi asosida kasb o‘rganish xarajatlarini qoplash bo‘yicha yosh chegarasi 30 yoshdan 40 yoshga ko‘tariladi.
Qoraqalpog‘istonda maktabgacha ta’lim qamrovi 84 foizga yetgan. Biroq Amudaryo, Bo‘zatov, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Ellikqal’ada bu ko‘rsatkich hali ham pastligi qayd etildi.
Endi Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit beriladi.
Qolgan viloyatlarda kredit stavkasi markazdan uzoq-yaqinligiga qarab, 7 foizdan 15 foizgacha bo‘ladi.
Qoraqalpog‘istonda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarning ko‘lami ham kengaymoqda.
Nukusdagi markaziy shifoxonada jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda. Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shu yil bosh miya, yurak va plastik jarrohlik kabi murakkab yo‘nalishlarda 1,5 mingta operatsiya o‘tkazildi.
Hududda tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etildi. Tibbiyot muassasalariga 10 million dollarlik jihozlar olib berildi.
O‘zbekistonda birinchi marta xususiy sheriklik asosida tashkil qilingan Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi soha xodimlari bilimini baholash va malakasini oshirishda metodik markaz bo‘ladi.
Tibbiyot akademiyasi, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi hamda yangi tashkil etiladigan ko‘p tarmoqli shifoxonani yaxlit tizimga birlashtirib, Universitet tibbiy klasteri tashkil qilinadi.
Mo‘ynoqqa kelib ishlayotgan shifokorlarga to‘lanayotgan 200 foizgacha oylik ustama 1-yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi.
Yig‘ilishda ko‘cha va mahalla biylari, nuroniylarning jamiyatdagi yuksak obro‘-e’tiboridan samarali foydalanish masalasiga e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari asosiy maqsad har bir shahar va ovulda qulay turmush sharoitini yaratish ekanini ta’kidladi. Nuroniylarning tajribasi, yoshlarning g‘ayrati va aholi tashabbuskorligini birlashtirish orqali har bir mahallada obod va farovon muhit yaratish mumkin.
Rahbarlar mahalla va ko‘cha biylari bilan ishini erta tongdan hududlarni aylanish, aholi bilan muloqotdan boshlashi zarurligi qayd etildi.
Ko‘chalar, ariq va zovurlarni toza tutish, daraxt va gullarni ko‘paytirish, har bir insonda o‘z mahallasi taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish muhim.
Obodonlashtirish bir martalik hashar yoki bayram oldidan o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib qolmasligi, tozalik va obodlik kundalik madaniyatga aylanishi zarurligi qayd etildi.
Kelasi yili qoraqalpoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludiga 200 yil to‘ladi.
Prezidentimiz shoirning “Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun, o‘zim dema g‘amxo‘rlik qil xalq uchun” degan hikmatli so‘zlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ta’kidladi.
Ulug‘ ziyolilarning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, raqamlashtirish, asrab-avaylash va xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Kelgusi yili Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda munosib nishonlash taklifi bildirildi.
Mutasaddilarga bir oyda keng qamrovli dastur ishlab chiqib, uni amalga oshirishni boshlash topshirildi.
Hudud va tarmoqlar rahbarlarining axborotlari tinglandi, Qoraqalpog‘iston faollari bilan muloqot qilindi.
Yig‘ilish yakunida ichki ishlar organlari tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, Qoraqalpog‘istonni har tomonlama rivojlantirish, aholi farovonligi, xavfsizligi va osoyishta hayotini ta’minlash, jamiyatda mehr-oqibat, ahillik va totuvlikni asrash hamda mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayevga Prezidentimiz tomonidan "general-mayor" maxsus unvoni berildi.