Portugaliya va Shveysariya JCHning 1/8 finaliga chiqdi
Portugaliya va Shveysariya JCHning 1/8 finaliga chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Portugaliya va Shveysariya terma jamoalari futbol bo‘yicha jahon chempionati 1/16 final bosqichida g‘alaba qozonib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldi.
Portugaliya terma jamoasi Xorvatiyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, uchrashuv davomida o‘tkazib yuborilgan goldan keyin o‘yin taqdirini o‘z foydasiga o‘zgartira oldi. Hisobni 53-daqiqada Xorvatiya yarim himoyachisi Ivan Perishich ochdi. Shundan so‘ng portugaliyaliklar javob qaytarib, 68-daqiqada Krishtianu Ronaldu penaltini aniq amalga oshirdi. G‘alaba golini esa Gonsalu Ramush qo‘shimcha vaqtning 90+4-daqiqasida kiritdi.
Qayd etilishicha, mazkur g‘alaba Portugaliya terma jamoasi uchun so‘nggi 60 yil ichida jahon chempionatlaridagi ilk irodaviy g‘alaba bo‘ldi. Bundan avval jamoa uchrashuv davomida hisobda ortda qolib turib, 1966 yilgi jahon chempionati chorak finalida KXDR ustidan 5:3 hisobida g‘alaba qozongan edi.
1/8 finalda Portugaliya Ispaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 6 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Shveysariya terma jamoasi ham Jazoir ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, 1/8 finalga chiqishni taʼminladi. Uchrashuv Vankuver shahrida bo‘lib o‘tdi.
Birinchi golni 10-daqiqada Joan Manzambining uzatmasidan keyin Bril Embolo kiritdi. Tanaffusdan so‘ng, 46-daqiqada Dan Ndoye shveysariyaliklarning ustunligini mustahkamladi.
Shveysariyaliklar o‘yin davomida tashabbusni qo‘lda ushlab turdi va yana bir nechta xavfli vaziyatlar yaratdi, ammo hisobni oshira olmadi. Jazoir terma jamoasi esa raqib darvozasi oldida jiddiy xavf tug‘dira olmay, musobaqadagi ishtirokini yakunladi.