Pep Gvardiola 10 yil va 20 ta sovrindan so‘ng «Manchester Siti»ni tark etadi
Pep Gvardiola 10 yil va 20 ta sovrindan so‘ng «Manchester Siti»ni tark etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Angliyaning «Manchester Siti» futbol klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola 2026 yil yozida o‘z lavozimini tark etadi. Bu haqda 22 may kuni klub matbuot xizmati xabar qildi.
Gvardiola «Manchester Siti»ni 2016 yil iyul oyida boshqaruviga olgan va o‘n yillik faoliyati davomida 20 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritib, klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiyga aylangan.
Bosh murabbiylik lavozimini tark etgach, u City Football Group tizimida global ambassador sifatida faoliyatini davom ettiradi. Yangi vazifasida Gvardiola guruh klublariga texnik masalalar bo‘yicha maslahat beradi, ayrim loyihalar va hamkorliklarda ishtirok etadi.
Murabbiy o‘z murojaatida ketish qarori faoliyatining muayyan bosqichi yakunlangani bilan bog‘liq ekanini taʼkidladi.
«Ketish sabablari haqida mendan so‘ramang. Aniq sabab yo‘q, ammo ich-ichimdan bilamanki, mening vaqtim keldi. Hech narsa abadiy emas», — dedi Gvardiola hamda futbolchilar, klub xodimlari, muxlislar va oilasiga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
«Manchester Siti» raisi Xaldun Al Muborakning aytishicha, o‘n yillik hamkorlik davomida murabbiy bilan munosabatlarning asosiy tamoyillari ishonch va professional halollik bo‘lgan. U Gvardiola nafaqat klubga, balki zamonaviy futbol rivojiga ham katta taʼsir ko‘rsatganini taʼkidladi.
Gvardiola klubdagi faoliyati davomida olti marta Angliya premyer-ligasida g‘olib chiqqan, bir marta UEFA Chempionlar ligasini, uch marta Angliya kubogini, besh marta Angliya liga kubogini, shuningdek klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, UEFA Superkubogi va uch marta Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Uning rahbarligi ostida «Manchester Siti» qator rekordlarni o‘rnatdi. Jumladan, 2017/18 mavsumida jamoa 100 ochko to‘pladi, 2022/23 mavsumida treblga erishdi va Premyer-ligada ketma-ket to‘rt marta chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Gvardiolaning jamoa bosh murabbiyi sifatidagi so‘nggi uchrashuvi «Aston Villa»ga qarshi o‘yin bo‘ladi. U klub bosh murabbiyi sifatida jami 593 ta uchrashuvda ishtirok etgan.
Ispaniyalik mutaxassis ketgach, uning o‘rnini italiyalik murabbiy Enso Mareska egallashi mumkinligi xabar qilinmoqda.