Oʻzmetkombinat va Xitoy kompaniyasi hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzmetkombinat va Xitoy kompaniyasi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zmetkombinat” AJga Xitoy Xalq Respublikasining yirik sanoat kompaniyalaridan biri — Liaoning Mineral Metallurgy Group delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalari hamda asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida metallurgiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy uskunalar yetkazib berish, texnologiya transferi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, “O‘zmetkombinat” AJ hududidagi Texnoparkda import o‘rnini bosuvchi o‘tga chidamli g‘ishtlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Liaoning Mineral Metallurgy Group 2007-yilda Xitoyning Dalyan shahrida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda metallurgiya va mineral resurslar sohasida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro kompaniya hisoblanadi. Kompaniya po‘lat sanoati uchun kompleks “one-stop” yechimlarni taklif etib, uskunalar ishlab chiqarish, EPC loyihalar, xalqaro savdo va muhandislik xizmatlarini amalga oshiradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirib, kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.