Oʻzbekistonda kichik biznesni rivojlantirish va bandlik masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekistonda kichik biznesni rivojlantirish va bandlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 5-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish hamda barqaror ish o‘rinlari yaratishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani hamraisligida o‘tkazildi. Davra suhbatida 100 nafarga yaqin ishtirokchi, jumladan, xalqaro moliya institutlari, davlat idoralari, tijorat banklari, xususiy sektor, venchur fondlar hamda tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya tadbir moderatori, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakovning kirish so‘zi bilan boshlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani tomonidan ochilish nutqlari taqdim etildi.
Tadbir davomida Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin asosiy taqdimot bilan chiqish qildi.
Asosiy nutqlarni xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy direktori Naji Benxacin so'zladi. Muhokama ishtirokchilari orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki, KfW, Osiyo infratuzilma investitsiya banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati vakillari bor edi.
Davra suhbati mamlakatda mehnat bozoriga har yili kirib kelayotgan aholining bandligini ta’minlash, barqaror va keng ko‘lamli ish o‘rinlari yaratishda kichik va o‘rta biznesning rolini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida xalqaro moliya institutlari va rivojlanish hamkorlari tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlarni muvofiqlashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini safarbar etish muhokama qilindi.
Tadbirning asosiy maqsadi xalqaro moliya institutlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan tashabbuslarni milliy ustuvor yo‘nalishlarga moslashtirish, moliyalashtirish va siyosiy bo‘shliqlarni aniqlash, shuningdek, kichik va o‘rta biznesning unumdorligi, raqobatbardoshligi hamda eksport salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha resurslarni, jumladan, xususiy kapitalni safarbar etishga qaratildi.
Muhokamalar quyidagi ustuvor yo‘nalishga jamlandi: biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish, moliyalashtirish imkoniyatlari, xususiy resurslarni safarbar etish, biznes infratuzilmasini rivojlantirish.
Shuningdek, ishtirokchilar mavjud dasturlardan samarali foydalanish, ularning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarning oldini olish uchun qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Mazkur davra suhbati manfaatdor tomonlarni birlashtirish, dastlabki majburiyatlarni shakllantirish va kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda bandlikni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlik uchun zamin yaratdi.