Oʻzbekiston va Xitoy 550 million dollarlik qishloq xoʻjaligi loyihalarini ishga tushirishdi

Oʻzbekiston va Xitoy 550 million dollarlik qishloq xoʻjaligi loyihalarini ishga tushirishdi

Oʻzbekiston va Xitoy 550 million dollarlik qishloq xoʻjaligi loyihalarini ishga tushirishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston va Xitoy 550 million dollardan ortiq qiymatdagi yirik qishloq xoʻjaligi va investitsiya loyihalarini ishga tushirishga kelishib oldilar. Kelishuvlarga Oʻzbekiston-Xitoy (Gonkong) iqtisodiy forumida qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov boshchiligidagi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasi delegatsiyasi ishtirokida erishildi.

Forum doirasida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yirik investitsion loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolandi.

Jumladan, Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston–Xitoy qishloq xo‘jaligi” maxsus sanoat zonasini tashkil etish, Jizzax viloyatida kartoshka yetishtirish va qayta ishlashning to‘liq siklli tizimini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi texnikalari importi, ularga servis xizmatlari ko‘rsatish va ixtisoslashgan zavodlar tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

Qashqadaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida yuqori hosildor paxta yetishtirish hamda qayta ishlash quvvatlarini barpo etish, Surxondaryoda suv tejovchi texnologiyalar va plyonkalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, lalmi va yaylov yerlaridan samarali foydalanish orqali qishloq xo‘jaligini kompleks rivojlantirish kabi yo‘nalishlar ham mazkur kelishuvlarda o‘z aksini topdi.

Imzolangan memorandumlarning umumiy qiymati 550 million dollardan ziyod bo‘lib, ularning amalga oshirilishi zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi, eksport salohiyati oshishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling