O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Turkiya farmatsevtika loyihalarini muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 31.07.2026 · 09:15 · 29 views
Oʻzbekiston va Turkiya farmatsevtika loyihalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Turkiya farmatsevtika loyihalarini muhokama qilishdi / Foto: Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Baxrom Maxmatrayemov hamda rais maslahatchisi Alisher Shayxov Turkiyaning farmatsevtika sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri — Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi rahbari Tolga Pektash boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, oziq-ovqat qo‘shimchalari, kollagen, vitaminlar va salomatlik uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ularni xalqaro bozorlarga eksport qilishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlari GMP, HACCP, ISO va Halal kabi xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilib, qator davlatlarga eksport qilinadi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, farmatsevtika sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, eksport-import operatsiyalari hajmini oshirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, turkiyalik delegatsiyaga O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, eksport-import faoliyatini tashkil etish tartiblari haqida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni amaliy loyihalar orqali kengaytirish, investitsiya va texnologiyalar transferini rag‘batlantirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yana-da faollashtirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.