Oʻzbekiston va Quvayt turizm va aviaqatnovlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Quvayt turizm va aviaqatnovlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov Quvayt Davlatining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Turki Xolid Hamad al-Mikrad bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston Respublikasi va Quvayt Davlati rahbarlari o‘rtasidagi yaqin va ishonchli munosabatlar ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy turizm imkoniyatlarini Quvayt bozorida keng targ‘ib qilish yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, quvaytlik taniqli blogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va turoperatorlar ishtirokida O‘zbekiston bo‘ylab axborot-tanishuv turini tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, tog‘ va ov turizmini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishlarda tajriba va ilg‘or amaliyot almashish masalalari muhokama qilindi.
Elchi quvaytlik sayyohlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etib, O‘zbekistonda 30 kundan ortiq muddat bo‘ladigan xorijiy sayyohlarning mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida yuzaga kelayotgan ayrim noqulayliklarni bartaraf etish, ushbu tartibni soddalashtirish hamda masalani vakolatli idoralar bilan hamkorlikda hal etish bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish masalasini manfaatdor idoralar va aviakompaniyalar bilan birgalikda ishlab chiqish, tog‘ va ov turizmi yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro turistik oqimni oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.