Oʻzbekiston va Qozogʻiston bojxona laboratoriyalari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Qozogʻiston bojxona laboratoriyalari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Qozogʻiston bojxona laboratoriyalari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriya vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Unda asosiy e’tibor ikkala davlat bojxona xizmatlari rahbarlari o‘rtasida 2025-yil 22 may kuni imzolangan 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik rejasidagi tadbirlar ijrosiga qaratildi.

Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomiga ega Markaziy bojxona laboratoriyasi boshlig‘i R. Ro‘ziyev qozog‘istonlik hamkasblariga bojxona organlarida sud-ekspertiza sohasini tashkil etish va rivojlantirishga qaratilgan muhim axborot va tavsiyalarni taqdim qildi.

Xususan, giyohvandlik vositalar, psixotroplar va perekursorlar hamda kuchli ta’sir etuvchi moddalar ekspertizasini joriy etishning kompleks tashkiliy, huquqiy va texnik jarayonlari batafsil tushuntirildi.

Bunda huquqiy-meyoriy bazani shakllantirishda milliy qonunchilikda aks ettirish zarur bo‘lgan normalar, laboratoriya infratuzilmasini tashkil etish, texnik jihozlash, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish, validatsiya va sifat nazorati tizimini joriy etish, o‘zaro idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda axborot bazalari va ma’lumotlar bilan ta’minlash orqali amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmlari to‘g‘risida taqdimotlar qilindi.

Qizg‘in muhokamalarga boy uchrashuv qo‘shni davlat ekspertlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar noqonuniy narkotik vositalar aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan professional hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, kelgusi uchrashuvning mavzu va sanasi ham belgilab olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling