O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Boshqirdiston biznes hamkorligini kengaytirishga kelishib oldilar

UzDaily tahririyati · 06.08.2026 · 21:40 · 25 views
Oʻzbekiston va Boshqirdiston biznes hamkorligini kengaytirishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Boshqirdiston biznes hamkorligini kengaytirishga kelishib oldilar / Foto: Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 5 avgust kuni Ufa shahrida «Boshqirdiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish» mavzusida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonning yengil, oziq-ovqat, kimyo, avtomobilsozlik, mebel sanoati, qurilish, tibbiyot hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida faoliyat yurituvchi 100 dan ortiq korxonasi ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Odilxon Rustamov, Kichik biznes uyushmasi raisi o‘rinbosari Muzaffarxon Musayev, Boshqirdiston Respublikasi Hukumati raisi o‘rinbosari – sanoat, energetika va innovatsiyalar vaziri Aleksandr Sheldyayev va boshqa 7 ta vazirliklar rahbarlari hamda “Alga” maxsus iqtisodiy zonasi direktori Artem Penzin ishtirok etdi.

Uchrashuvda 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 13 milliard AQSH dollariga yetgani, shuningdek, mamlakatimizda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 mingdan oshgani qayd etildi.

Forum doirasida “BashGlobalGrupp” MCHJ bilan “Yevraziya” ulgurji-taqsimlash markazida O‘zbekiston Savdo uyini ochish, o‘zbek kompaniyalarining Xalqaro ko‘p funksiyali biznes-majmuasi loyihasida ishtirok etishi hamda “Tolpar” texnoparki bazasida oziq-ovqatdan tashqari mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, boshqird korxonalari Afg‘oniston bozoriga yo‘naltirilgan erkin iqtisodiy zona hududida faoliyat yuritishga taklif etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston va Boshqirdiston Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, B2B muzokaralari yakunlari bo‘yicha shartnoma va kelishuvlar imzolandi.