Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov boshchiligidagi delegatsiya Misrning Elsewedy Watanya kompaniyasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibidan qariyb 200 nafar fermer va tadbirkor o‘rin oldi. Tashrif davomida zamonaviy sug‘orish texnologiyalari va ularni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari o‘rganildi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Elsewedy Watanya zamonaviy sug‘orish texnologiyalariga ixtisoslashgan. Kompaniyaning 240 ming kvadrat metr maydondagi zavodida har yili «markaziy pivot» turidagi 2 400 dan ortiq sug‘orish tizimi ishlab chiqariladi.
Korxonada 500 nafardan ziyod muhandis va texnik mutaxassis faoliyat yuritadi. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, uning texnologiyalari 190 ming gektar yerni o‘zlashtirishga ko‘maklashgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari markaziy pivot sug‘orish tizimlari, ularning ishlash tamoyillari, suv va energiyani tejash imkoniyatlari, shuningdek, yirik qishloq xo‘jaligi maydonlarida qo‘llash samaradorligi bilan tanishdi.
Fermerlarda Misrning cho‘l va yangi o‘zlashtirilayotgan yerlarni qishloq xo‘jaligi oborotiga jalb qilish tajribasi alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif doirasida fermerlar va tadbirkorlar Elsewedy Watanya mutaxassislari bilan texnologiyalarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash, servis xizmatlarini tashkil etish, texnologiyalar transferi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildi.