Oʻzbekiston va BMT Taraqqiyot Dasturi ijtimoiy himoya sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Oʻzbekiston va BMT Taraqqiyot Dasturi ijtimoiy himoya sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoya milliy agentligida BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi Doimiy vakili Akiko Fudzii xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Mansurbek Olloyorov davlat ijtimoiy sug‘urtasi, parvarish xizmatlari standartlari va Milliy strategiyani ishlab chiqishga qaratilgan CHANGE loyihasi hamda davlat tashkilotlari uchun “Gender Equality Seal” tashabbusi doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni alohida qayd etdi. BMTTD vakillari yurtimizdagi islohotlarni yuqori baholab, tizimni raqamlashtirish va xalqaro tajribani joriy etishni bundan buyon ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Muloqot davomida tomonlar hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi:
- Davlat siyosatini shakllantirishda sun’iy intellekt va mikrosimulyatsiya modellaridan foydalanish hamda ularni Ijtimoiy reyestr va keys-menejment (case management) tizimiga integratsiya qilish;
- Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun uzoq muddatli parvarish tizimini rivojlantirish, inklyuziv ta’limni kengaytirish va ularning bandligini ta’minlash;
- Davlat ijtimoiy sug‘urtasini takomillashtirish, aktuar tadqiqotlar o‘tkazish va Agentlikning tahliliy salohiyatini mustahkamlash.
Uchrashuv yakunida Agentlik direktori BMTTD vakillarini joriy yilning 21-22-oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Bolalar farovonligiga investitsiya: Kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli rivojlanish yo‘li” mavzusidagi Jahon sammitida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Tomonlar ijtimoiy himoya sohasida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, raqamli transformatsiya, analitik yechimlar, parvarish tizimi, gender tengligi, inklyuziya va davlat ijtimoiy sug‘urtasi sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.