Oʻzbekiston va AzerSun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va AzerSun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni paytda Ozarbayjon Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov muhim uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Xususan, vazir “AzerSun Holding” kompaniyasi rahbariyati vakillari — Taxir Gozel hamda Savash Ozjan bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi agrosanoat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot markazida — amaliy natija, investitsiya jalb etish va texnologiyalar almashinuvi turdi. Tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi agrar aloqalarni kengaytirish, ayniqsa sanoat darajasidagi qayta ishlash loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Uchrashuvda alohida e’tibor shakar sanoatiga qaratildi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda yiliga qariyb 1 million tonna shakar iste’moli mavjud. Shu nuqtai nazardan, “AzerSun Holding” tomonidan zamonaviy ishlab chiqarish va logistika tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Vazir ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston tomoni ochiq va samarali muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. Bu esa yaqin istiqbolda yirik investitsion loyihalar uchun mustahkam zamin yaratishi mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash, zamonaviy konservalash texnologiyalari, hamda sharbat, jem va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirishni ko‘rib chiqdilar. Bundan tashqari, agrar konsalting xizmatlari va mutaxassislar tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.
Qiziqarli jihati shundaki, “AzerSun Holding” vakillari dastlabki bosqichda investitsiyadan ko‘ra maslahat va tajriba almashinuvi orqali hamkorlikni boshlashga tayyor ekanini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar shakar sanoatini rivojlantirish bo‘yicha biznes-reja ishlab chiqish, qo‘shma ishchi guruhlar tuzish va yangi investitsion loyihalarni shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.