O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Prezidenti AQShning yetakchi moliyaviy institutlari bilan investitsiyaviy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi

UzDaily · 16.06.2026 · 16:50 · 32 views
Oʻzbekiston Prezidenti AQShning yetakchi moliyaviy institutlari bilan investitsiyaviy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi

Oʻzbekiston Prezidenti AQShning yetakchi moliyaviy institutlari bilan investitsiyaviy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralar davomida mazkur institutlarning Oʻzbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni oʻzlashtirish, energetika, sunʼiy intellektni joriy etish hamda raqamlashtirish kabi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishi bilan bogʻliq masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.

AQSh Eksimbanki bilan hamkorlik yoʻnalishida energetika tarmogʻini modernizatsiya qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslari uchun eksport kreditlarini taqdim etishni yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

“DFC” korporatsiyasining sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, energetika tarmogʻi va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirish boʻyicha tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi.

Toshkentda yangi xalqaro aeroportni qurish, Fargʻona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlarni barpo qilish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning amaliy bosqichiga oʻtish zarurligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

UzDaily · 👁 32 views · 16.06.2026 · 16:50