Oʻzbekiston Nankinda investitsiya salohiyatini namoyish etmoqda
Oʻzbekiston Nankinda investitsiya salohiyatini namoyish etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 29-aprel kuni Xitoyning Nankin shahrida XXRning yetakchi kompaniyalari ishtirokida keng ko‘lamli roud-shou va biznes-uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov boshchilik qildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Xitoy Eksimbanki bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Xitoyning eng yirik 500 ta kompaniyasi ro‘yxatiga kiruvchi 70 dan ortiq yetakchi korporatsiyalar rahbarlari va ekspertlari qatnashdi.
Taqdimot davomida mehmonlarga O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari, sanoat salohiyati va rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari namoyish etildi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax viloyati hamda Toshkent shahrining sarmoyaviy jozibadorligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yangi va istiqbolli tashabbuslar bilan bir qatorda, xitoylik hamkorlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan joriy loyihalarning muvaffaqiyatli tajribasi haqida so‘zlab berdilar. Ushbu uchrashuv ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatimizning asosiy tarmoqlariga kapital jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.