Oʻzbekiston korruptsiyaga uchragan amaldorlar uchun qoidalarni kuchaytirmoqda
Oʻzbekiston korruptsiyaga uchragan amaldorlar uchun qoidalarni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilash taklif etilyapti.
Xususan, Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi korrupsiyaga oid jinoyatlar atamasi bilan to‘ldirilib, u bilan 19 ta turdagi jinoiy qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar hisoblanishi belgilanmoqda.
Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmagan holda, intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Jinoyat kodeksi esa o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, firibgarlik uchun hukm qilingan va jinoyat tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxs jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmasligini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Xuddi shunday qoida takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilanyapti.
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish va firibgarlik harakatlarini mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etish jinoyati uchun ham javobgarlik choralari og‘irlashtirilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.