Oʻzbekiston Ashxobodda boʻlib oʻtgan uchrashuvda YSYTSH'ga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi
Oʻzbekiston Ashxobodda boʻlib oʻtgan uchrashuvda YSYTSH'ga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Ashxobod shahrida tashkil etilgan Yadro sinovlarini yalpi taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning (YSYTSH) 30 yilligiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi yig‘ilishda ishtirok etdi.
Tadbir davomida Markaziy Osiyo davlatlarining yadroviy qurolsizlanish va yadroviy tarqatmaslik sohalaridagi birgalikdagi sa’y-harakatlari, YSYTSH doirasida hamda boshqa xalqaro nazorat mexanizmlari asosida mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari, shuningdek, shartnomani universallashtirish va uning amalga oshirilishi samaradorligini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar shartnomaga hamda yadroviy qurolsizlanish va yadroviy tarqatmaslikning keng qamrovli maqsadlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Markaziy Osiyo mintaqasi yadroviy xavfsizlik sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi sifatida qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining qurolsizlanish va yadroviy tarqatmaslik rejimini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi, jumladan, mamlakatimizning Markaziy Osiyoda Yadro qurolidan xoli zonani tashkil etishdagi muhim roli alohida ta’kidlandi. Mazkur zona Shimoliy yarim sharda tashkil etilgan birinchi yadro qurolidan xoli zona hisoblanadi.
Yadro sinovlarini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti Ijrochi kotibi Robert Floyd Markaziy Osiyoning yadroviy sinovlarni to‘xtatish bo‘yicha global sa’y-harakatlardagi muhim o‘rnini qayd etdi. U yadroviy qurolsiz zonalar davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash va yadroviy tahdidlarning oldini olishda samarali vosita ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston 1997-yil 29-mayda YSYTSHni ratifikatsiya qilgan bo‘lib, ushbu shartnomaga qo‘shilish jarayonini to‘liq yakunlagan davlatlardan biri hisoblanadi.