O‘zbekistonda tuyachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha ishga tushirildi

O‘zbekistonda tuyachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha ishga tushirildi

O‘zbekistonda tuyachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tuyachilik sohasini barqaror rivojlantirish, yaylovlardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish hamda qurg‘oqchil hududlarda oziq-ovqat xavfsizligi va iqlimga chidamlilikni kuchaytirishga qaratilgan yangi loyiha ishga tushirildi.

“O‘zbekistonda tuyachilikni qo‘llab-quvvatlash va mahsulot yetishtirish” nomli tashabbus BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro yaylovlar va chorvadorlar yili (IYRP 2026) doirasida taqdim etildi.

Tadbirda qayd etilishicha, yaylovlar global miqyosda Yer quruqlik yuzasining 54 foizini egallab, 200 milliondan ortiq chorvadorlar uchun asosiy tirikchilik manbai hisoblanadi. O‘zbekistonda esa yaylovlar 21,1 million gektar maydonni qamrab olib, mamlakat hududining qariyb 47–50 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, ularning 40–50 foizi turli darajada degradatsiyaga uchragani qayd etildi.

Mutaxassislar fikricha, keng cho‘l va adir hududlariga ega O‘zbekiston uchun tuyachilik iqlimga moslashuvchan chorvachilik yo‘nalishi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mamlakatda tuya soni 17,6 ming boshni tashkil etadi. Ularning asosiy qismi Buxoro, Navoiy, Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryo hududlariga to‘g‘ri keladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va FAO o‘rtasida hamkorlik loyihasi imzolandi. Unga ko‘ra, tuyachilikni rivojlantirish, mahsuldorlikni oshirish, naslchilikni takomillashtirish hamda Milliy tuya strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, chorvachilik sohasida faoliyat yuritayotgan 15 nafar mutaxassis va fermer “Chorvachilik fidoiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Loyiha doirasida Arvana va qozoqi baqtrian zotli tuyalarni parvarishlash, ularning sut mahsuldorligini oshirish hamda qiymat zanjirini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Mazkur tashabbus O‘zbekistonda tuyachilikni tizimli rivojlantirish, yaylov chorvachiligi salohiyatini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida barqaror va iqlimga moslashuvchan modelni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling