O‘zbekistonda soliq qonunbuzarliklari uchun jazolar kuchaytirildi
O‘zbekistonda soliq qonunbuzarliklari uchun jazolar kuchaytirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda soliq qonunbuzarliklari uchun jazolar kuchaytirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan tegishli qonunni imzoladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirishni, kamaytirib ko‘rsatishni, shuningdek soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashni ancha miqdorda sodir etish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin ro‘y bergan bo‘lsa,
BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Ilgari, mazkur jinoyat uchun BHMning 15 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanish belgilangan edi.
Jinoyat protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Tadbirkorlik subyektining jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etadigan vakili tushunchasi kiritildi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil yoki Savdo-sanoat palatasi tomonidan tayinlangan vakil tadbirkorning faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ishida surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud jarayonida tadbirkorlik talabiga ko‘ra jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Bundan tashqari, Soliq kodeksiga sud qaror chiqarguniga qadar tergovda qo‘shimcha hisoblanib undirilgan soliq va yig‘imlar bo‘yicha penya hisoblanmasligini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.