O‘zbekistonda qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlashga qarshi choralar kuchaytirildi
O‘zbekistonda qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlashga qarshi choralar kuchaytirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda qurilish chiqindilarini to‘planishi va noqonuniy joylashtirilish holatlarini aniqlash hamda oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar boshlandi. Ushbu choralar ekologik barqarorlikni taʼminlash va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatlariga rioya qilish doirasida amalga oshirilmoqda.
Mamlakatning barcha hududlarida qurilish ishlari jadal o‘sib borayotgani fonida chiqindilarni ruxsatsiz tashlash holatlari ham ko‘paymoqda.
Xususan, Chorvoq turistik hududida 2020 yildan buyon qurilish hajmi 10 baravarga oshgani ekologik qoidabuzarliklar ko‘payishiga olib kelgan.
Qonunchilikka ko‘ra, bunday huquqbuzarliklar uchun qatʼiy javobgarlik belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llaniladi hamda takroriy holatlarda jazo choralari kuchaytiriladi.
Nazoratni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda boshqa tegishli idoralar ishtirokida maxsus ishchi guruh tuzildi. 10 apreldan boshlab reyd tadbirlari yo‘lga qo‘yilib, avvalo Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida amalga oshirilmoqda.
11–13 aprel kunlari o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 102 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, ular bo‘yicha maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qo‘shimcha ravishda atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida 19 ta qoidabuzarlik qayd etildi. Maxsus texnika jalb etilgan holda ikki noqonuniy poligon bartaraf etildi va 401 tonna chiqindi rasmiy maydonlarga olib chiqildi.
Maʼlum bo‘lishicha, hududda avval ikki poligon rekultivatsiya qilingan bo‘lib, hozirda chiqindilar Parkent tumanidagi ixtisoslashtirilgan poligonga olib borilmoqda.
Qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita tashabbusi bilan hozirga qadar 10 ta nuqtada videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan, yaqin vaqt ichida yana 40 ta uskuna o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, respublika bo‘ylab o‘tkazilgan ekologik tadbirlar doirasida yana 11 ta qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlash holati aniqlanib, ular bo‘yicha maʼmuriy choralar ko‘rildi.
Fuqarolarga bunday huquqbuzarliklar haqida tegishli idoralarning ishonch telefonlari orqali, shuningdek @ecogovuz_bot Telegram-boti orqali matn, foto va video materiallar yuborish orqali xabar berish tavsiya etiladi.