O‘zbekistonda oliy taʼlim muassasalari soni 215 taga yetdi
O‘zbekistonda oliy taʼlim muassasalari soni 215 taga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshiga kelib O‘zbekistonda 215 ta oliy taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yili boshiga nisbatan yettitaga kamaygan.
Jami oliy taʼlim muassasalarining 97 tasi nodavlat oliy o‘quv yurtlari hisoblanadi.
Oliy taʼlim tashkilotlarining eng ko‘p qismi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, bu yerda 98 ta oliygoh faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkent viloyatida ularning soni 19 tani, Samarqand viloyatida esa 14 tani tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida har biri 11 tadan oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Andijon, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida esa har birida 9 tadan oliygoh mavjud.
Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 8 tadan oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatsa, Namangan viloyatida ularning soni 6 tani tashkil qiladi.
Jizzax va Navoiy viloyatlarida 5 tadan oliy taʼlim muassasasi joylashgan. Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu hududda 3 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritadi.