CefoBio va Oʻzbekiston regenerativ tibbiyot loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Koreya Respublikasiga amaliy safari doirasida navbatdagi uchrashuv “CefoBio” kompaniyasi bosh direktori Pak Xyon Suk bilan bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda hujayra terapiyasi, regenerativ tibbiyot va ilg‘or biotexnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar suyak to‘qimalarini regeneratsiya qilish texnologiyalari bo‘yicha Farmatsevtika texnik universiteti (PTU) bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, ushbu texnologiyalarni O‘zbekistonda mahalliylashtirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Shuningdek, Koreya kompaniyasining ilg‘or biotexnologik ishlanmalarini mamlakatimizda joriy etish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini birlashtirish va yangi avlod tibbiy texnologiyalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
“CefoBio” — suyak to‘qimalarini regeneratsiya qilish uchun terapevtik preparatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan biotexnologiya kompaniyasi. Kompaniya zamonaviy GMP markaziga ega bo‘lib, uning tarkibida 3 ta mustaqil ishlab chiqarish uchastkasi hamda virusologiya, mikoplazma, sterillik va fizik-kimyoviy tahlil laboratoriyalari faoliyat yuritadi.