YHTEM Toshkentdagi chorrahada svetofor jadvalini o'zgartirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) mutaxassislari chorrahadagi transport oqimini o‘rganib, avtomobillar qaysi yo‘nalishda ko‘proq to‘planishini aniqladi. Shundan so‘ng svetoforning ishlash vaqti yangi yuklamaga mos ravishda o‘zgartirildi.
Avval svetofor siklining birinchi fazasi 35 soniya, ikkinchi fazasi esa 28 soniya davom etgan. Endi eng gavjum yo‘nalishda fazaning uzunligi 35 soniya o‘rniga 60 soniyaga uzayitirldi.
Shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishdagi avtomobillar endi biroz oldinroq to‘xtaydi. Bu burilayotgan transport vositalariga burilishni xavfsiz yakunlab, chorrahani tezroq bo‘shatish imkonini beradi. Natijada svetofor bir sikl davomida ko‘proq avtomobilni o‘tkazadi.
YHTEM ma'lumotlariga ko'ra, svetofor jadvali o'zgartirilgandan so'ng, chorrahada navbatlar qisqardi va transport harakati ravonlashdi. Endi chorrahani kesib o'tish 2 daqiqagacha vaqt oladi.
Yaqin atrofda temiryo‘l kesishmasi joylashgan. Poyezd o‘tayotganda harakat vaqtincha to‘xtatiladi. Shu sababli chorrahada qisqa vaqtga avtomobillar to‘planishi mumkin.
YHTEM vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Mutaxassislar ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlar uchun svetoforning alohida ish rejimlarini tayyorlamoqda.
Keyingi bosqich — qo‘shni chorrahalarni yangilash va ularning svetoforlarini yagona “Yashil to‘lqin” tizimiga ulash. Natijada ruxsat etilgan tezlikda harakatlanayotgan avtomobillar chorrahalardan ketma-ket yashil chiroqda o‘tib, kamroq to‘xtashi mumkin bo‘ladi.